Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston Senati va Vengriya Milliy Assambleyasi o‘rtasida memorandum imzolandi

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi parlament delegatsiyasi Budapeshtga tashrif doirasida Vengriya Milliy Assambleyasi Raisi Laslo Kyover bilan uchrashdi.

Tomonlar o‘zaro do‘stlikka asoslangan munosabatlar mustahkamlanib borayotganini qayd etdi. O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi savdo hajmi barqaror o‘sib, qo‘shma investitsiya loyihalari va sanoat kooperatsiyasi izchil kengayib bormoqda. Madaniy-gumanitar yo‘nalishda faol hamkorlik o‘rnatilgan.

Do‘stlik guruhlari faoliyatini jonlantirish, parlament apparati xodimlari uchun qisqa muddatli stajirovkalar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Qonunchilik jarayonini raqamlashtirish va elektron parlament tizimini rivojlantirish, fan, ta’lim, suv resurslarini boshqarish, qishloq xo‘jaligi va energetika sohalarida hamkorlikni kuchaytirish hamda parlament faoliyati bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish va axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston va Vengriya parlamentlari o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlashga doir muhim hujjat imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Vengriya Milliy Assambleyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi ham imzolandi.

Ushbu hujjat ikki davlat parlamentlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, o‘zaro ishonch va manfaatli sheriklikka asoslangan hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan.

Hujjatga muvofiq, ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik institutsional jihatdan mustahkamlanadi. Shu bilan birga, ikki tomonlama munosabatlarni izchil va samarali rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.

Xususan, konstitutsiyaviy islohotlar va qonun ijodkorligi jarayoni bo‘yicha tajriba almashish, parlament va fuqarolar o‘rtasidagi muloqotni takomillashtirish, parlament qo‘mitalari o‘rtasida doimiy maslahatlashuvlar o‘tkazish, do‘stlik guruhlari faoliyatini kengaytirish va parlament devonlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni chuqurlashtirish yo‘nalishlarida yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Anglashuv memorandumi O‘zbekiston va Vengriya parlamentlari o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish hamda ikki mamlakat xalqlari manfaatlari yo‘lida amaliy natijalarga erishishga xizmat qiladi.

N.Abduraimova, O‘zA