Bugungi globallashuv davrida turizm nafaqat sayohat, balki davlat iqtisodiyotini moddiy rag‘batlantira oladigan muhim bir manba. Bugungi kunda O‘zbekiston boy tarixiy merosi, ochiq siyosati va yangi infratuzilma loyihalari orqali xalqaro sayyohlar e’tiborini tobora ko‘proq jalb etmoqda.
Xo‘sh, mamlakatimizda turizm yo‘nalishida qanday yangi imkoniyatlar paydo bo‘ldi? Pandemiya davri turizm sohasiga qanday burilish yasadi? Dunyo bugun bizni ushbu yo‘nalishda qanday e’tirof etmoqda?
Bugungi kunda O‘zbekiston ochiq siyosati orqali xalqaro sayyohlar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Vizasiz rejimning 90 dan ortiq davlat fuqarolari uchun amal qilishi, yangi mehmonxonalar, aeroport va transport xizmatlarining kengayishi turizm oqimining keskin oshishiga xizmat qilmoqda.
Sayyohlar oqimi tahlili
2025-yil yanvaridan noyabrgacha O‘zbekistonga 10,7 million xorijiy fuqaro sayyohlik maqsadida tashrif buyurgan. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich birinchi marta 10 millionlik chegaradan oshib, kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan xorijiy sayyohlar soni 3,5 million kishiga oshdi. O‘sish 47,4 foizni tashkil etdi, bu esa O‘zbekistonga sayyohlik yo‘nalishi sifatida qiziqishning sezilarli darajada oshganidan dalolat beradi.
Sayyohlarning aksariyati an’anaviy ravishda qo‘shni davlatlardan kelgan. Qirg‘iziston 3 million sayyoh bilan reytingda yetakchilik qilgan. O‘zbekistonga tashrif buyurgan sayyohlar orasida Qozog‘iston va Tojikiston yetakchi o‘rinni egallab, har biridan 2,5 million nafardan turist kelgan. Rossiyadan 923,8 ming, Afg‘onistondan 429,4 ming hamda Turkmanistondan 341,4 ming sayyoh tashrif buyurgani qayd etildi. Uzoq xorij mamlakatlari orasida eng ko‘p turistlar Xitoy (250,5 ming) va Turkiyadan (161,9 ming) kelgan. Shuningdek, Hindistondan 73,4 ming, Koreya Respublikasidan esa 44,1 ming sayyoh tashrif buyurgan.
Jahon turizm barometri ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning dastlabki to‘qqiz oyida O‘zbekistonga turistlar oqimi pandemiyadan oldingi 2019 yilga nisbatan 73 foizga oshib, global o‘rtacha o‘sish sur’atidan yuqori natija qayd etdi. O‘zbekistonga tashrif buyurgan sayyohlarning umumiy portretiga ko‘ra, mehmonlarning asosiy qismini 31–55 yoshdagi erkak va ayollar tashkil etadi. Joriy yilda mamlakat 200 ga yaqin davlatdan tashrif buyuruvchilarni qabul qildi.
Yosh guruhlari bo‘yicha eng katta ulush 31–55 yoshdagilar (5,4 milliondan ortiq) hissasiga to‘g‘ri keladi. Ulardan keyin 56 yoshdan oshganlar — 2,18 million, 19 – 30 yoshdagilar — 1,75 million hamda 18 yoshgacha bo‘lganlar —1,38 million nafarni tashkil etdi.
Mutaxassislarning fikricha, turizm iqtisodiyotning 40 dan ortiq yo‘nalishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Xorijiy sayyoh mamlakatga kelishi bilan aviachipta xarid qiladi, mehmonxonada yashaydi, transport va ovqatlanish xizmatlaridan foydalanadi, suvenir (sayohatdan esdalik sovg‘alar) va mahalliy mahsulotlarni sotib oladi. Bu esa xizmat ko‘rsatish, bank, transport, savdo va ishlab chiqarish kabi ko‘plab yo‘nalishlarning rivojlanishiga sabab bo‘ladi.
Pandemiya: inqirozmi yoki yangi imkoniyatlar boshlanishi?
2020-yilda butun dunyoni qamrab olgan koronavirus pandemiyasi xalqaro turizm tarixidagi eng og‘ir sinovlardan biriga aylandi. Chegaralar yopildi, aeroportlar va mehmonxonalar faoliyati to‘xtadi, millionlab sayohatlar bekor qilindi. Ammo pandemiya nafaqat inqiroz, balki turizm sanoati uchun yangi bosqichni ham boshlab berdi. Post-pandemiya davrida sayyohlarning talablari tubdan o‘zgardi. Endilikda ular salomatlik xavfsizligi, ekologik tozalik, shaxsiy hudud va sifatli xizmatlarga ko‘proq e’tibor qaratmoqda.
Shu bilan birga, ichki turizm ham keskin rivojlandi. Dunyoning ko‘plab davlatlarida mahalliy sayohatlar ulushi 90 foizdan yuqori darajaga yetdi. O‘zbekiston ham bu jarayondan muhim saboqlar chiqardi.
Pandemiyadan keyin millionlab mahalliy sayyohlar mamlakatning tarixiy va tabiiy maskanlarini qayta kashf etdi. “Ipak yo‘li” loyihalari asosida qadimiy shaharlarda yangi mehmonxonalar, aeroportlar va madaniy markazlar qurildi. Pandemiya texnologiyalar ahamiyatini yana bir bor ko‘rsatdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda e-tourism platformasi orqali mehmonxonalarni bron qilish, gid xizmatlarini buyurtma qilish va sayohat marshrutlarini oldindan rejalashtirish imkoniyati mavjud.
QR-kodli axborot tizimlari sayyohlarga tarixiy obidalar haqida tezkor ma’lumot olish imkonini bermoqda. Turistik shaharlarda “Smart city” loyihalari joriy etilib, raqamli navigatsiya va xizmatlar sayohatchilar uchun qulay muhit yaratmoqda.
Dunyo O‘zbekiston haqida nima deyapti?
Xalqaro ommaviy axborot vositalari ham mamlakat turizm salohiyatiga tobora ko‘proq e’tibor qaratmoqda. 2026-yilda berilgan nashriyotlar xabari O‘zbekiston turizmi haqida quvonarli fikrlar va postlar bilan boyidi. Xalqimiz madaniyati, mehmondo‘stligi esa alohida e’tirof etildi. Albatta, bu yurtimizga tashrif buyuruvchilarning ijobiy qarashlariga, O‘zbekiston haqida bilmaydigan ko‘pgina millatlarning qiziqishini uyg‘otishga asosiy sabab bo‘la oladigan belgi. Latviyaning milliy aviakompaniyasi bort jurnalida “O‘zbekistonga xush kelibsiz” nomli maqola chop etilib, mamlakatning tarixiy shaharlari va milliy oshxonasi keng yoritildi. Shuningdek, “Euronews” nashri ipakchilik an’analari haqida material tayyorladi, “The Times Kuwait” esa O‘zbekistonni “Markaziy Osiyo durdonasi” deya ta’rifladi.
O‘zbekiston turizmi zamonaviy yondashuvlar va ochiqlik siyosati orqali yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda. Pandemiya davri sinov bo‘lgan bo‘lsa, aynan shu jarayon mamlakatga turizmni qayta ko‘rib chiqish, raqamlashtirish va sifat jihatidan yangilash imkonini berdi. Natijada O‘zbekiston nafaqat o‘tmish merosi bilan, balki bugungi qulay sharoitlari va kelajak sari intilishi bilan ham sayyohlar e’tiborini tortayotgan manzilga aylanmoqda.
Mehribonu To‘lqinova, O‘zA