Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi geosiyosiy, iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash jarayonida O‘zbekiston va Pokiston hamkorligi alohida ahamiyat kasb etmoqda. Tarixiy-madaniy yaqinlik, o‘zaro manfaatdorlik hamda mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslar ikki davlat munosabatini yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Ayniqsa, savdo-iqtisodiy, transport-logistika loyihalari va institutsional muloqot mexanizmi rivojlanishi Toshkent va Islomobod o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlamoqda.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi “Sharqshunos tahlilchilar” intellektual klubi rahbari Sardor Rahimov e’tirof etishicha, Pokiston va O‘zbekiston munosabati din, tarix va madaniyat mushtarakligiga tayanadi. Urdu va o‘zbek tillarida uch mingdan ortiq umumiy so‘z mavjudligi ham ikki xalq o‘rtasidagi aloqalar davlatlarimiz jahon xaritasida mustaqil sub’ekt sifatida shakllanishidan ancha oldin boshlangani va chuqur ildizlarga ega ekanini ko‘rsatadi.
Islomobodning Markaziy Osiyoga yo‘naltirilgan strategiyasi bir necha asosiy yo‘nalishni qamrab olgan – o‘zaro savdoni kengaytirish, mustahkam siyosiy muloqot o‘rnatish, investitsiya va energetika hamkorligini kuchaytirish, mudofaa va xavfsizlik masalasida hamjihatlikni ta’minlash hamda xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqani mustahkamlash.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida Toshkent va Islomobod Ikki tomonlama tranzit savdo bitimi (UPTTA) va Imtiyozli savdo to‘g‘risida kelishuv (PTA) imzolagani alohida ahamiyatga ega. Shu tariqa o‘zaro iqtisodiy aloqa ko‘lamini yanada kengaytirish uchun mustahkam huquqiy zamin yaratilgan.
So‘nggi besh yil ichida tovar ayirboshlash 2,5 barobar o‘sdi, qo‘shma korxonalar va investitsiya loyihalari esa qariyb uch karra ko‘paydi. Yaqin istiqbolda savdo aylanmasini 2 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Shuningdek, qiymati 3,5 milliard dollarlik istiqbolli savdo va investitsiya kelishuvlari to‘plami shakllantirilgan.
Hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilayotgani Prezident Shavkat Mirziyoyevning Islomobodga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida erishilgan quyidagi kelishuvlarda ham yaqqol namoyon bo‘ldi:
Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, O‘zbekiston – Pokiston ekspertlar kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi kelishuv, Ikki davlat ishbilarmonlar kengashini tuzish haqidagi bitim, Hududlararo forum tashkil etish bo‘yicha shartnoma.
Oliy darajadagi tashrif chog‘i qator idora va tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan kelishuvlar ham imzolandi. Jumladan, O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Pokiston Sanoat va ishlab chiqarish vazirligi huzuridagi Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish boshqarmasi, Termiz shahri hokimligi va Peshovar shahri ma’muriyati, Samarqand shahri hokimligi va Islomobod shahri ma’muriyati, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Islomobod strategik tadqiqotlar instituti, shuningdek Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Peshovar universiteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar tasdiqlandi.
Mazkur kelishuvlar ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik izchil mustahkamlanayotganidan dalolat. Bundan tashqari, mudofaa idoralari birgalikda ishlab chiqqan “Yo‘l xaritasi” harbiy hamkorlik ham yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rsatadi.
Tabiiyki, transport va logistika aloqalarini rivojlantirish masalasi ham alohida e’tiborda. Masalan, tomonlar Transafg‘on temir yo‘li loyihasini jadallashtirish, “Pokiston – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” transport yo‘lagini rivojlantirish muhimligi borasida yakdil. Ushbu tashabbuslar Markaziy Osiyodan yukni Qirg‘iziston va Xitoy orqali Pokiston portlariga yetkazish imkonini yaratib, mintaqaviy tranzit salohiyatini yanada oshiradi.
Qisqacha aytganda, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar barqaror sur’atda rivojlanmoqda. Joriy yil 5-6-fevral kunlari davlatimiz rahbarining Pokistonga amalga oshirgan tashrifi o‘zaro hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitib, strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Musulmon Ziyo, O‘zA