Oxirgi daqiqa

Sirdaryo va Xitoy o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik kengaymoqda

So‘nggi yillarda Sirdaryo viloyati va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlanib, sanoat, investitsiya, raqamli iqtisodiyot, tibbiyot, ta’lim va qishloq xo‘jaligi kabi strategik yo‘nalishlarda amaliy loyihalar ko‘lami kengaymoqda.

Ayniqsa, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasida ikki tomonlama aloqalar mustahkamlanib bormoqda.

Yaqinda Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoyga amalga oshirgan tashrifi doirasida muhim kelishuvlarga erishilib, hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilab olingan edi.

Mazkur jarayonning davomi sifatida Sirdaryo viloyati delegatsiyasi navbatdagi xizmat safari bilan Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi. Tashrifdan asosiy maqsad — investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, sanoat sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish va hududga zamonaviy texnologiyalarni jalb etishdan iborat.

Delegatsiya tarkibida Boyovut tumani hokimi Niyoz Hazratqulov, Mirzaobod tumani hokimi Abdurahim Umarov hamda Shirin shahri hokimi Dilfuza Qambarova bor.

Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Chjetszyan provinsiyasida joylashgan “Zhejiang Wansheng Yunhe Steel Cable Co., Ltd” korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Korxonada kabel mahsulotlarini ishlab chiqarishning avtomatlashtirilgan tizimlari, sifat nazorati jarayonlari va eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Ta’kidlanishicha, mazkur korxona xalqaro bozorda raqobatbardosh mahsulotlari bilan tanilgan yirik sanoat korxonalaridan biri hisoblanadi.

Shuningdek, delegatsiya vakillari “Zhejiang Wansheng Yunhe Ganglan” kompaniyasining logistika markazlari hamda qurilish sohasidagi faoliyati bilan ham tanishdi. U yerda infratuzilma loyihalarini samarali boshqarish, logistika tizimini zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etish va qurilish sohasida qo‘llanilayotgan ilg‘or texnologiyalar o‘rganildi.

Ikki tomonlama uchrashuvlar davomida Sirdaryo viloyatida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni rivojlantirish masalalari muhokama qilinmoqda. Shuningdek, kelgusida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan qo‘shma loyihalar bo‘yicha aniq taklif va tashabbuslar ishlab chiqilmoqda.

Mutaxassislar fikricha, Sirdaryo va Xitoy o‘rtasidagi bunday izchil rivojlanayotgan hamkorlik hudud iqtisodiy salohiyatini oshirish, eksportbop mahsulotlar ulushini ko‘paytirish hamda mintaqani zamonaviy sanoat markazlaridan biriga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri