Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston va Turkiya partiyalararo aloqalar mustahkamlanmoqda

Bugun Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Haitov hamda Turkiya Respublikasining “Buyuk birlik” partiyasi raisi Mustafo Destiji boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston-Turkiya hamkorligini yanada mustahkamlash hamda partiyalararo muloqotni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Partiya yetakchisi A.Haitov mehmonlarni tashrif bilan qutlar ekan, joriy yilda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganiga o‘ttiz yil to‘lishini alohida qayd etdi. Ikki mamlakat munosabatlari mustahkam tarixiy-madaniy va ma’naviy ildizlarga tayanishini, birodar xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik rishtalar bugungi kunda iqtisodiyot, investitsiya, ta’lim va madaniyat sohalarini qamrab olgan keng qamrovli strategik sheriklik formatida yangi mazmun bilan boyiyotganini ta’kidladi.

O‘tgan davr mobaynida ikki tomonlama munosabatlar an’anaviy aloqalardan o‘zaro ishonch va qo‘llab-quvvatlashga asoslangan to‘laqonli strategik sheriklik bosqichiga ko‘tarilgani, birgina 2025-yilda tovar ayirboshlash hajmi 3 milliard dollarga yetgani, O‘zbekistonda Turkiya kapitali ishtirokida 2 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritayotganini aytib o‘tdi.