Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoyda “Raqamli ta’lim bo‘yicha Jahon konferensiyasi – 2026”da

Xitoy Xalq Respublikasida o‘tkazilgan “Raqamli ta’lim bo‘yicha Jahon konferensiyasi – 2026” xalqaro anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Delegatsiyaga maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova boshchilik qildi.

Tadbirning ochilish marosimida Xitoy Xalq Respublikasi Vitse-prezidenti Xan Chjen so‘zga chiqib, sun’iy intellekt davrida ta’lim tizimini transformatsiya qilish global taraqqiyotning muhim omiliga aylanganini ta’kidladi. Shuningdek, u raqamli ta’limni rivojlantirishda xalqaro hamkorlik tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini qayd etdi.

Konferensiyada dunyoning turli mamlakatlaridan ta’lim vazirlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, Nobel mukofoti sovrindorlari hamda yetakchi texnologik kompaniyalar vakillari qatnashdi.

Anjuman doirasida vazir E’zoza Karimova Qozog‘iston, Tailand, Buyuk Britaniya va Serbiya ta’lim vazirlari bilan qisqa uchrashuvlar o‘tkazdi. Unda raqamli ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va kelgusidagi qo‘shma loyihalar istiqbollari muhokama qilindi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA