O‘zbekiston va Latviya o‘rtasida transport, logistika sohasidagi hamkorlik kengayib, ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy sheriklik istiqbollari belgilab olindi.
Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov raisligida Latviya Respublikasi transport vaziri, Hukumatlararo komissiya hamraisi Atish Shvinka bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekiston – Latviya transport va logistika sohasidagi hamkorligini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qildilar hamda amaliy sheriklikni kengaytirish istiqbollarini belgilab oldilar.
Aviatsiya sohasida yo‘lovchi va yuk aviaqatnovlarini rivojlantirish, jumladan, elektron tijorat segmentini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi, deyiladi Transport vazirligi ma’lumotida.
Shuningdek, RIX Academy bilan aviatsiya mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish yo‘nalishida kompleks hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Temir yo‘l sohasida yuk tashish hajmlarini oshirish, logistika yo‘nalishlarini takomillashtirish, harakat tarkibini modernizatsiya qilish va texnik xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish masalalari batafsil muhokama qilindi.
Avtomobil transporti yo‘nalishida uzoq muddatli barqaror sheriklikni shakllantirish, o‘zaro yuk oqimini ko‘paytirish, Latviya portlari bilan hamkorlikni rivojlantirish hamda o‘zbek transport operatorlarining Yevropa bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish choralari ko‘rib chiqildi.
A.RUSTAMOV, O‘zA