Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston delegatsiyasi BMTning Xotin-qizlar holati bo‘yicha komissiyasi sessiyasida

AQSHning Nyu-York shahrida BMT Xotin-qizlar holati bo‘yicha komissiyasining 70-yubiley sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Unda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda. Delegatsiya tarkibida senator Gulnora Marufova, Oliy sud raisi o‘rinbosari Malika Qalandarova, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatova hamda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori o‘rinbosari Dilnoza Murodova bor.

Nufuzli forumda BMTga a’zo davlatlar parlament a’zolari, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati vakillari qatnashmoqda.

Ayollar va qizlarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ayollarning siyosat va iqtisodiyotdagi ishtirokini kengaytirish, zo‘ravonlikka qarshi kurashish, shuningdek, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektning ayollar huquqlariga ta’siri BMT yubiley sessiyasining asosiy mavzusiga aylandi.

Sessiyaning tantanali ochilish marosimida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ayollar huquqlari sohasidagi biron-bir yutuq o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmasligini – har bir oldinga tashlangan qadam faollar, huquq himoyachilari va jamoat harakatlarining uzoq davom etgan kurashi natijasi ekanini alohida ta’kidlab o‘tdi.

“BMT-ayollar” tuzilmasi ijrochi direktori Sima Baxus o‘z chiqishida gender tenglikni qo‘llab-quvvatlovchi mamlakatlarning hukumatlari va tashkilotlari vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish va odamlar hayotini yaxshilash uchun yetarli darajada kuchli ta’sirga ega ekanini qayd etdi.

Anjuman doirasida barcha ayollar va qizlarning odil sudlovga bo‘lgan huquqini ta’minlash va kengaytirishga qaratilgan qonunlarga urg‘u berildi. Bu, birinchi navbatda, kamsituvchi qonunlar, siyosat va amaliyotlarni bartaraf etish hamda tizimli to‘siqlarni yo‘q qilish orqali inklyuziv va adolatli huquqiy tizimlarni shakllantirishni o‘z ichiga oladi.

O‘zbekiston delegatsiyasi odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish, kamsituvchi qonunlar, siyosat va amaliyotlarni bartaraf etish, tizimli to‘siqlarni bartaraf etishga bag‘ishlangan yuqori darajadagi interaktiv muloqotda ham ishtirok etdi.

N.Abduraimova, O‘zA