O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori A.Jumanazarov O‘mon Sultonligining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Vafo Jabr Nosir al-Busaidiy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida ikki davlat o‘rtasidagi savdo munosabatlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan texnik to‘siqlarni bartaraf etish, o‘zaro yetkazib beriladigan mahsulotlar bo‘yicha milliy standartlarni xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, O‘mon Sultonligi Savdo, sanoat va investitsiyalarga ko‘maklashish vazirligi, O‘mon standartlar va metrologiya tashkiloti (DGSM) hamda “Atyab International Services” laboratoriyasi bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalarini kengaytirish bo‘yicha fikr almashildi.

Uchrashuvda kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohalarida korxonalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, mazkur sohalarda hamkorlikni yanada samarali tashkil etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Mehmonlar mamlakatdagi laboratoriyalar faoliyati bilan ham tanishib, ularda yaratilgan shart-sharoitlar xalqaro standartlar va me’yoriy talablarga javob berishini qayd etdi. O‘mon Sultonligining O‘zbekistondagi elchisi Vafo Jabr Nosir al-Busaidiy laboratoriyalar infratuzilmasi va mutaxassislar salohiyatini yuqori baholadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va O‘mon Sultonligi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni izchil amalga oshirish uchun barcha imkoniyat va sa’y-harakatlarni safarbar etishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA