Oxirgi daqiqa

Kuvayt va O‘zbekiston umumiy turizmi jadal rivojlanmoqda

“Al-raimedia”, "Al-anba", "Al-jarida" kabi qator nashrlarda O‘zbekistonning Favqulodda va muxtor elchisi Ayubxon Yunusov bilan intervyu e’lon qilindi.

Materialda Kuvayt va O‘zbekiston turizm munosabatlari sezilarli darajada o‘sayotgani, joriy yil iyun oyidan boshlab kuvaytliklarga bir oy davomida yurtimizga vizasiz kirish huquqi berilgani, bu choralar ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro sayohatni osonlashtirish va turizmni rivojlantirishga yordam berishi haqida so‘z borgan.

Elchixona tomonidan tashkil etilgan sayyohlik tadbirda respublikamizning “Asia Lux” kompaniyasi direktori Temur Xo‘jayev va “Jazeera Airways” tijorat direktori Gunsha Aksha, shuningdek taxminan 40 dan ziyod sayyohlik agentligi va kompaniyasi vakillari, qator mahalliy blogerlar ishtirok etdi.

Elchi Yunusov ishtirokchilarga minnatdorlik bildirib, diyorimiz tarixiy joylar, so‘lim tabiat, diqqatga sazovor obidalar, o‘ziga xos madaniy meros maskanlariga boyligini ta’kidladi. Asrlar davomida Buyuk Ipak yo‘li markazida joylashgan zaminimiz xalqaro hamjamiyat, tadqiqotchilar, sayohatchi va diplomatlarni tobora o‘ziga ko‘proq jalb etayotganiga e’tibor qaratdi.

Gunsha Aksha o‘z navbatida “Jazeera Airways” ushbu tadbirni “Asia Lux” bilan hamkorlikda o‘tkazayotgani, kompaniya qish mavsumida Namangan va Samarqandga muntazam qatnovdan tashqari haftasiga qo‘shimcha 3-4 reys amalga oshirayotganini aytdi.

Ushbu aviakompaniya 2021 yil Toshkentga, 2019 yil Farg‘onaga havo yo‘li ochganiga to‘xtalib, reyslarda bandlik darajasi taxminan 80 foizga yetganini qayd etdi.

O‘zbekiston turizm delegatsiyasi rahbari yil sayin yo‘nalishlarga talab ortayotganini ta’kidlarkan, “O‘zbekistonga xush kelibsiz... Madaniyatimiz, tariximiz va oshxonamizdan bahramand bo‘ling! dedi.

Uning ta’kidlashicha, o‘tgan yil O‘zbekistonga 10 million xorijlik kelgan, yil boshidan beri bu raqam 15 millionga yetgan va har oy qo‘shimcha bir milliondan ko‘p sayyoh ro‘yxatdan o‘tgan.

Tadbir yakunida “Jazeera Airways” ishtirokchilarga O‘zbekistonga tashrif buyurish uchun targ‘ibot taklifi sifatida Toshkentga ikki chipta taqdim etdi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA