Xabaringiz bor, 27 noyabr kuni mamlakatimizga yangi tayinlangan bir qator xorijiy elchilar tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Prezidenti elchilarning ishonch yorliqlarini qabul qilib, missiyasiga kirishgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini samimiy tabrikladi.
Marosimdan keyin elchilar O‘zbekiston bilan hamkorlik tahlili va kelgusi rejalari haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Paraskevi SEVELEKI, Gretsiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:
– Mamlakatim nomidan bu yurtda faoliyat boshlash men uchun katta sharafdir. Gretsiya va O‘zbekistonni uzoq yillik tarixiy rishtalar bog‘lab keladi. Geografik masofaga qaramay, iqtisod, biznes, savdo, madaniyat va ta’lim sohalarida hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan imkoniyatlar bor.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda jadal rivojlanayotgan va barqaror iqtisodiyotga ega davlat sanaladi. Gretsiya esa Janubi-Sharqiy O‘rta Yer dengizida muhim geostrategik o‘rin tutadi va iqtisodiy markazga aylanib bormoqda. Men ikki mamlakatni yanada yaqinlashtirish, strategik hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida faol ishlayman.

Kendzi XIRATA, Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:
– O‘zbekistonda faoliyat yuritish men uchun katta mas’uliyat va sharaf. Mamlakatingiz Yaponiyaning asosiy strategik hamkorlaridan biridir. O‘zbekiston mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyotda muhim rol o‘ynaydi.
Yapon biznes doiralarida O‘zbekistonga investitsiya kiritishga katta qiziqish bor. Bu iqtisodiy salohiyatni oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va barqaror rivojlanishga xizmat qiladi.
Faqat poytaxt emas, balki hududlar bilan ham yaqin hamkorlik qilishga ahamiyat beraman. Chunki ikki davlat aloqalari mintaqalardagi imkoniyatlarni rivojlantirish bilan yanada mustahkamlanadi.
Maqsad xalqlarimiz farovonligi va kelajak taraqqiyoti uchun samarali hamkorlikni davom ettirishdir.

Valid FUK, Fransiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:
– Prezidentlarimiz o‘rtasidagi samimiy munosabatlar ikki davlat hamkorligida yangi loyihalarga keng yo‘l ochmoqda. Men o‘z missiyam mobaynida Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qarataman. Ayniqsa, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida talabalar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlarini kengaytirish muhim vazifalardan biri.
Fransuz kompaniyalarining O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish, qo‘shma korxonalar sonini oshirish ham ustuvor yo‘nalishlardan.

O‘zbek tili va madaniyatiga katta qiziqish bildiraman. O‘zbekistonning boy madaniy merosini zamonaviy texnologiyalar orqali targ‘ib qilishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish niyatidaman.
Ishonchim komilki, keyingi to‘rt yil ichida o‘zbek tilini mukammal o‘rganaman.
O‘zA muxbiri
Ikrom AVVALBOEV yozib oldi.