Farzandining jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk bo‘lib voyaga yetishi, uning baxtu saodatini, farovon kelajagini ko‘rish har bir ota-onaning eng ezgu orzusi.
Poytaxtimizda istiqomat qilayotgan Sanjarbek va Hafiza Sindorovlar ham ana shunday ota-onalardan. Jismoniy tarbiya va sportni bola tarbiyasining muhim vositasi deb biladigan ushbu oilada kamol topayotgan 19 yoshli Javohir Sindorov kuni kecha Hindistonning Goa shahrida bo‘lib o‘tgan shaxmat bo‘yicha jahon kubogi g‘olibiga aylandi.

– Farzandimning g‘alabalari, avvalo, istiqlolimiz sharofati, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yoshlarni barkamol etib tarbiyalashga qaratilayotgan yuksak e’tibor va mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik samarasi, – deydi Hafizaxon Sindorova. – Bugun sportchilarimiz xalqaro maydonlarda o‘z iste’dodi va salohiyatini keng va to‘la namoyon etmoqda. Men shaxmat musobaqalarini kuzatar ekanman, Javohir o‘g‘limning davlatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, o‘zbek millati dunyoda hech kimdan kam emasligi va kam bo‘lmasligini isbotlay olayotganidan qalbim faxr-iftixorga to‘ladi, beixtiyor ko‘zlarimga quvonch yoshlari qalqiydi. O‘zimni dunyodagi eng baxtli inson, deb bilaman.
Darhaqiqat, bugungi kunda sport butun dunyoda har qaysi millatni dunyoga tanitadigan, salohiyatini namoyish etadigan, g‘urur va iftixorini yuksaltiradigan muhim vositalardan biriga aylandi. Ayniqsa, shaxmat kabi insondan yuksak intellektual salohiyat, jismoniy va ma’naviy yetuklik, aql-zakovatni talab etadigan murakkab sport turida g‘olib chiqish hammaga ham nasib etavermaydi.
Yosh shaxmatchilarimizning xalqaro maydondagi g‘alabalari soni va salmog‘i ortib borayotgani, avvalo, ular jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan ne-ne buyuk zotlarning munosib avlodi ekani hamda yurtimizda azal-azaldan mavjud madaniy-ma’rifiy muhit, yuksak ma’naviyat va tafakkur maktabining mantiqiy hosilasi va shuning barobarida, istiqlol yillarida yosh avlodning har tomonlama kamolga yetishi yo‘lida barcha shart-sharoit va qulayliklar muhayyo etilganining yaqqol samarasidir.
Sport insonda kuchli iroda, g‘alabaga intilish, qiyinchiliklarni yengish ruhini tarbiyalaydi, vatanparvarlik, el-yurtga sodiqlik, iftixor tuyg‘ularini shakllantiradi. Sportda bolalarning iste’dodi va imkoniyatlarini erta aniqlash ularni kelajakda yuksak g‘alabalar sari yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zero, kichik yoshdan jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullangan o‘g‘il-qizlargina sog‘lom, baquvvat, irodali, yengilmas bo‘lib voyaga yetadi va kelajakda yuqori cho‘qqilarni zabt etishga qodir bo‘ladi.

Javohir to‘rt yarim yoshidan shaxmat bilan muntazam shug‘ullanadi. Bolaligidan xotirasi kuchli bo‘lgani uchun ota-onasi uni o‘smirlar o‘rtasida ikki karra jahon chempioni Sirojiddin Zayniddinovning shaxmat maktabiga yetaklab boradi.
Javohir Sindorov shaxmatchi sifatida ilk g‘alabasini 2011 yil Toshkent shahar birinchiligida g‘olib chiqish orqali qo‘lga kiritdi. Xalqaro maydondagi dastlabki g‘alabasiga esa 2012 yil Hindistonning Dehli shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida erishdi. 7 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar musobaqasida blits turnirida oltin, klassik shaxmat bo‘yicha kumush medalga sazovor bo‘ldi. 2013 yili O‘zbekiston chempionatida o‘n yoshgacha o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi musobaqada jahon va Osiyo chempioni Nodirbek Abdusattorovni ortda qoldirib, ilk bor O‘zbekiston chempioni bo‘ldi.
Shuningdek, Javohir 2012, 2014 va 2015 yillarda Osiyo maktab o‘quvchilari chempionatida g‘alaba qozongan. 2014 yilda 9 yoshgacha bo‘lganlar orasida jahon chempioni va 2018 yilda O‘zbekiston jamoasi bilan 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasidagi Olimpiadada g‘olib chiqqan.
U 2019 yilda grossmeysterlik unvonini qo‘lga kiritgan va shu tariqa dunyo shaxmat tarixida eng yosh grossmeysterlardan biriga aylangan. Shu yili va 2021 yilda mamlakat chempioniga aylandi.
2018, 2019 yillari O‘zbekiston chempionatida shohsupaga ko‘tarilgan bo‘lsa, 2022 yilda Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilgan 44-Butunjahon shaxmat Olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi safida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Darvoqe, u bugunga qadar shaxmat bo‘yicha turli nufuzli musobaqalarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilib kelmoqda. Uning yutuqlari esa yosh shaxmatchilarimizni ruhlantirmoqda.
– Mamlakatimiz shaxmatchilarining barchasi, ayniqsa, Nodirbek Abdusattorov va Nodirbek Yoqubboyev o‘yinlarini munatazam kuzatib boraman, – deydi Sanjarbek Sindorov. – Avvallari mening farzandlarim ham xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini himoya qilarmikin, deya havas qilar edim. Hozir esa o‘g‘illarim yutuqlaridan juda baxtiyorman. Javohir ukalari Islombek va Humoyunga haqiqiy namuna va o‘rnak bo‘lmoqda.
O‘zbek shaxmat tarixida o‘ziga xos olamshumul natija qayd etgan J.Sindorov mazkur muvaffaqiyat tufayli yurtimizga jahon kubogini olib kelish asnosida musobaqa mukofot jamg‘armasining 120 ming AQSH dollariga ham ega chiqdi. Shuningdek, u 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan "Nomzodlar turniri"ga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Ha, farzandini sog‘lom va barkamol, mustaqilligimizni mustahkamlash, xalqimiz farovonligi va mamlakatimiz ravnaqini oshirish yo‘lida halol mehnat qiladigan insonlar etib tarbiyalash har bir ota-onaning burchi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA