Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston – Pokiston xalqaro konferensiyasi tashkil etiladi

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi binosida Pokiston Islom Respublikasi Ravalpindi Savdo va sanoat palatasi (RCCI) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida mamlakatimiz SSP raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov, RCCI vitse-prezidenti Fahod Barlos hamda 36-bor o‘tkazilayotgan “International Achievement Awards” – RIAA (36-xalqaro natija va mukofot) hamda “Business Opportunities Conference” – RIAA (Biznes imkoniyati) konferensiyalari raisi Shahroiz Ashraf Malik ishtirok etdi.

1952 yil tashkil etilgan Ravalpindi SSP Pokistonning yetakchi biznes tuzilmalaridan biri hisoblanadi. RCCI tomonidan o‘tkaziladigan RIAA va BOC kabi nufuzli tadbirlar BAA, Turkiya, Ozarbayjon, Shri-Lanka, Malayziya, Misr kabi mamlakatlarda muvaffaqiyatli tashkil etilgan.

Tomonlar uchrashuv davomida savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbolini muhokama qilib, 2025 yil noyabr oyida Toshkentda uyushtirilishi rejalashtirilgan RIAA anjumanini tashkil etishga oid masalalarni ko‘rib chiqdilar. Mazkur nufuzli tadbirda qishloq xo‘jaligi va agroinnovatsiya, tekstil va yengil sanoat, logistika va transport xizmati, energetika va “yashil” loyihalar, turizm va servis xizmati, farmatsevtika va tibbiy uskunalar yo‘nalishlardagi yetakchi kompaniyalar ishtiroki kutilyapti.

Konferensiya doirasida xalqaro sarmoyadorlar va biznes doira vakillari tomonidan investitsiya loyihalari taqdim etiladi, o‘zaro hamkorlik memorandumlari imzolanadi, qo‘shma korxonalar tuzish imkoniyati tahlil qilinadi.

M.Pirmatova, O‘zA