Oxirgi daqiqa

Toshkentda Xitoyning Shinjon mahsulotlari ko‘rgazmasi boshlandi

Poytaxtimizdagi “Anhor Lokomotiv” bog‘i hududida “O‘zbekiston– Xitoy: XIV-Shinjon mahsulotlari ko‘rgazmasi”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ko‘rgazma O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda XXR Xalqaro savdoni rivojlantirish kengashining Shinjon vakolatxonasi tomonidan tashkil etildi.

Tadbirning asosiy maqsadi – ikki o‘lka o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, kichik va o‘rta biznes vakillariga Shinjon-Uyg‘ur mintaqasida ishlab chiqarilgan mahsulotlar, texnologiyalar va uskunalar bilan yaqindan tanishish imkoniyatini yaratish, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishdan iborat.

Ko‘rgazma doirasida agrosanoat, maishiy texnika, AT, konsalting, tibbiyot sanoati, oziq-ovqat va ichimliklar, choy ishlab chiqarish, qurilish, to‘qimachilik va kimyo sanoati, logistika hamda energetika sohalaridagi Xitoy kompaniyalarining stendlari namoyish etilmoqda.

Ishtirokchilar orasida “Bingtian Intelligent Technology”, “Xinjiang Poplar Cable Manufacturing”, “Xinjiang Oulite Wire Mesh” kabi yirik ishlab chiqaruvchilar ham bor.

Ochilish marosimi doirasida bir qator kelishuvlarga erishilib, hamkorlik memorandumlarini imzolash yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Ko‘rgazma 23 oktyabr kuniga qadar davom etadi.

M.Pirmatova, O‘zA