Oxirgi daqiqa

Oʻzbekiston pavilyoni xalqaro koʻrgazmada yuksak mukofotga sazovor boʻldi

Osakadagi “Shining Hat” Ekspo-xollida Butunjahon koʻrgazmalar byurosi (“BIE”) mukofotlarini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu marosim “EXPO 2025 Osaka, Kansai” Xalqaro koʻrgazmasining yorqin yakuniy akkordi boʻldi.

Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan tashkil etilgan Oʻzbekiston pavilyoni 1500 m² gacha maydonli pavilyonlar orasida oʻz toifasidagi eng oliy mukofot — "Mavzuning eng yaxshi ochib berilishi" nominatsiyasida oltin medalga sazovor boʻldi.

Qarorni pavilyonga tashrif buyurgan toʻqqiz nafar ekspertdan iborat xalqaro hakamlar hayʼati qabul qildi. Mukofotlar besh turdagi pavilyonlar oʻrtasida uchta asosiy nominatsiya — “Arxitektura va landshaft”, “Koʻrgazma dizayni” va “Mavzuning eng yaxshi ochib berilishi” boʻyicha topshirildi.

— Biz taqdim etgan “Bilimlar bogʻi: kelajakdagi jamiyat uchun laboratoriya” konsepsiyasida anʼanalar va innovatsiyalar uygʻunligi oʻz aksini topgan. Gʻoyamiz jahon hamjamiyatida keng koʻlamli aks-sado berdi, — dedi Saida Mirziyoyeva.

Prezident Administratsiyasi rahbari professionallik va ushbu loyihaga boʻlgan ishonch uchun butun jamoaga, shuningdek, xalqaro hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.

OʻzA