Oxirgi daqiqa

Tojikiston bilan ta’lim sohasida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi

Toshkent shahar hokimligida Tojikiston Respublikasi Dushanbe shahri Ta’lim bosh boshqarmasi boshlig‘i Ismoilzoda Baxrom Mansur boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Dushanbe delegatsiyasini Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova, Toshkent shahar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Bunyod Rajabov hamda Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Iroda Yuldasheva qabul qildi.

Uchrashuv davomida tomonlar o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlik, ilg‘or tajribalar almashinuvi va zamonaviy loyihalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Delegatsiya a’zolari Toshkentda amalga oshirilayotgan ta’lim sohasidagi keng ko‘lamli islohotlar, xususan, yangi maktab va bolalar bog‘chalari qurilishi, prezident va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyati, ta’lim tizimida raqamlashtirish jarayonlari hamda pedagoglarning malakasini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish yosh avlodning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA