Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Koreyaning Geongsangbuk-do viloyati vitse-gubernatori Kim Hak Xong boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Janubiy Koreyaning Daegu Haany University (DHU) bilan Buxoro davlat tibbiyot instituti o‘rtasidagi hamkorlik samarali davom etib kelayotgan aloqalar rivojida muhim ahamiyat kasb etadi. Ikki tomonlama bilim va tajriba almashish borasidagi sa’y-harakatlar mavjud salohiyatni yanada oshirish imkonini bermoqda.
Kelishuvga ko‘ra, hozir xalq tabobatini yanada rivojlantirish, buning uchun Buxoro davlat tibbiyot instituti hududida “aqlli issiqxona”lar qurib dorivor o‘simliklar yetishtirish, farmatsevtika va kosmetika vositalarini ishlab chiqarish klasteri loyihasini amalga oshirish ustida qizg‘in ish bormoqda. Qayd etish etish joiz, universitet Buxoro davlat tibbiyot institutida xalq tabobati asosida ilmiy tadqiqotga asoslangan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, o‘zbekistonlik yoshlarni xalq tabobatiga asoslangan farmatsevtika sohasiga o‘qitish, Buxoroda Qirol Sejong koreys tili markazini ochish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Muloqotda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarga yuqori baho berilib, mazkur loyiha doirasidagi vazifalar, shuningdek, istiqbolda Daegu Haany University bilan hamkorlikda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar yuzasidan fikr almashildi.
Botir Zaripov mehmonlarni Buxoroga tashrifi bilan qutlab, amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyiha Buxoro va Geongsangbuk-do viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqayotgani, shu orqali ikki viloyat biznes vakillari, ijtimoiy sohalar, fan-ta’lim, tibbiyot, farmatsevtika ishlab chiqarish sohasini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi. O‘z navbatida bunday tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
–Mazkur loyiha Buxoro viloyatida yangi sanoat davrini yaratish yo‘lidagi qadamlarimizdan biri, –deydi viloyat rahbari. -Ishonchim komilki, hamkorlarimiz bilan birga kelgusida bu borada iqtisodiyotimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shadigan, uning raqobatbardoshligini mustahkamlaydigan yana ko‘plab yirik loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshiramiz. Bu so‘nggi ikki yillardagi farmatsevtika sohasidagi boshlangan katta islohotlarimizning amaliy natijasi, investorlarning mamlakatimizga nisbatan ishonchi tobora ortib borayotganining yorqin dalilidir.
Muloqot chog‘ida Kim Hak Xong viloyat rahbariga samimiy qabul va hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi. Hamda amalga oshirilayotgan loyiha tufayli hamkorlik aloqalari yanada kengayib, ikki tomonlama manfaatli tashabbus xalq tabobati sohasini rivojlantirishda yuqori samaralar berishini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri