Har yil Navro‘z umumxalq bayrami arafasida Qorabayir zotli otlar ishtirokida Xalqaro uloq-ko‘pkari turniri o‘tkazib kelinadi. Mazkur an’anaviy musobaqa milliy sport turlarini ommalashtirish, chavandozlik madaniyatini rivojlantirish hamda xalqaro sport aloqalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Joriy yilda ham ushbu nufuzli musobaqani 27–29-mart kunlari Buxoro viloyatining Buxoro tumanida joylashgan Milliy gvardiyaning “Chavandozlar maktabi” hududida o‘tkazish rejalashtirilgan.

Turnirni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida poytaxtimizdagi Milliy gvardiya Ma’naviyat va ma’rifat markazida ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda sport vaziri o‘rinbosari Sh.Mahmudov hamda Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari S.Mamayusupov rahbarligida O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasi, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralarning mas’ul vakillari ishtirok etdi.
Muloqot davomida turnirni tashkil etish, ishtirokchi jamoalarni qabul qilish, musobaqa infratuzilmasini tayyorlash, xavfsizlik hamda tashkiliy masalalarni muvofiqlashtirish kabi muhim yo‘nalishlar atroflicha muhokama qilindi.

Tadbir davomida bu yil beshinchi bor o‘tkazilayotgan Xalqaro uloq-ko‘pkari turnirida Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Xitoy davlatlari hamda O‘zbekistondan ikkita jamoa ishtirok etishi ma’lum qilindi. Bu esa musobaqaning xalqaro nufuzi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, ushbu turnir 2022 va 2023-yillarda Surxondaryo viloyatida, 2024-yil Farg‘ona viloyatida hamda 2025-yil Namangan viloyatida ko‘tarinki ruh va yuqori tashkiliy saviyada o‘tkazilgan.
Joriy yilgi musobaqa ham milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib qilish, chavandozlik an’analarini asrab-avaylash hamda sport sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA