Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi yetakchi xalqaro moliya markazlaridan biriga aylanadi

2026-yil 25-iyulda “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun kuchga kirdi.Mazkur qonunda nimalar nazarda tutilgan? Yangi normalarning ahamiyati nimada? Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev shular haqida gapirib berdi:

– Mamlakatimiz iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarning jalb qilinishini yanada kengaytirish va xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Natijada investitsiya muhiti tobora yaxshilanayotir.

Shu bilan birga, O‘zbekistonning xalqaro moliyaviy munosabatlardagi ishtirokini yanada kengaytirish maqsadi oldimizga dolzarb vazifalarni qo‘ydi.

Prezidentimizning 2026-yil 30-martdagi “Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni ushbu vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga qaratilgan.

Farmon ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunning maqsadi – O‘zbekistonni mintaqaviy va xalqaro moliyaviy xabga aylantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va kapital bozorini rivojlantirishga qaratilgan.

Mazkur qonun Senatning iyul oyida bo‘lib o‘tgan 17-yalpi majlisida ma’qullagan edi. Davlatimiz rahbari 13-iyulda imzolagan mazkur yangi qonun bilan markaz hududida odatiy qonunchilikdan farq qiluvchi maxsus huquqiy tartib amal qilishi belgilandi. Bu investorlar uchun qulay va barqaror muhit yaratishga qaratilgan.

Markaz hududida yuzaga keladigan iqtisodiy va tijorat nizolarini hal qilish uchun maxsus Xalqaro tijorat sudi faoliyat yuritadi.

Markaz hududida bank va investitsiya faoliyati, sug‘urta, qimmatli qog‘ozlar bozori, to‘lov tizimlari, islomiy moliya, moliyaviy texnologiyalar, auditorlik, konsalting va yuridik xizmatlar kabi faoliyat turlari amalga oshiriladi.

Qonun bilan markaz ishtirokchilari uchun maxsus imtiyozlar, jumladan, soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek xorijiy investorlar va mutaxassislar uchun qulayliklar yaratiladi.

Markazning boshqaruv organlari – markaz ma’muriyati, moliyaviy xizmatlar boshqarmasi va boshqa institutlarning huquqiy maqomi belgilandi.

Moliya markazining kengashi doimiy faoliyat yurituvchi kollegial organ hisoblanadi va kamida besh nafar a’zodan iborat bo‘ladi.

Aytib o‘tish kerakki, mazkur konstitutsiyaviy qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senatga ko‘rib chiqish uchun kiritilgan edi. Biroq, Senat tomonidan qonun chuqur tahlil qilinib, undagi ayrim normalarni amaldagi qonunchilik hamda xalqaro standartlar nuqtai nazaridan yanada takomillashtirish zarurligi qayd etilib, 16-yalpi majlisda rad etildi hamda yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish maqsadida Oliy Majlis palatalarining tegishli kelishuv komissiyasi tuzildi.

Kelishuv komissiyasi tomonidan Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi xulosasida bildirilgan barcha taklif va e’tirozlar atroflicha muhokama qilindi. Deputat va senatorlar, hukumat vakillari hamda mutasaddi vazirlik va idoralar ishtirokida qonunning har bir normasi qayta ko‘rib chiqildi. Qonun xalqaro tajriba, milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyoti talablaridan kelib chiqib, yanada takomillashtirildi hamda maromiga yetkazilgan tahrirda ishlab chiqildi.

Xususan, markaz ishtirokchilarining mablag‘lari va aktivlarini himoya qilishga oid normalar xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlarga muvofiqlashtirildi. Natijada ushbu normalar yanada aniq, huquqiy jihatdan asoslangan va amaliyotda qo‘llash uchun qulay shaklga keltirildi.

Markazda ko‘rsatiladigan moliyaviy xizmatlar va amalga oshiriladigan faoliyat turlari alohida guruhlarga ajratilgan holda aniq belgilandi.

Moliya markazi hududida ingliz huquqini qo‘llash mexanizmlari qayta ko‘rib chiqilib, bu borada huquqni qo‘llashning aniq tartiblari belgilandi hamda markaz tomonidan qabul qilinadigan hujjatlarning huquqiy maqomi yanada aniqlashtirildi.

Soliq rezidentligi dasturi ham sezilarli darajada takomillashtirildi. Ushbu dasturdan foydalanish shartlari, minimal investitsiya mezonlari, mablag‘larning kelib chiqishi, benefitsiar egalik, soliq rezidentligi tarixi hamda sanksiyalar bilan bog‘liq talablar aniq belgilandi.

Erkin kapital harakati va daromadlarni repatriatsiya qilish tamoyillari saqlab qolingan holda, ushbu mexanizmlar Markaziy bank bilan uyg‘un holda ishlashi belgilab qo‘yildi. Bu orqali investorlar uchun qulayliklar yaratish bilan birga mamlakat moliyaviy barqarorligini ta’minlashga qaratilgan zarur kafolatlar ham mustahkamlandi.

Kelishuv komissiyasi tomonidan Toshkent xalqaro tijorat sudining vakolatlari ham qayta ko‘rib chiqildi. Sudning yurisdiksiyasi yanada aniq belgilab berildi, uning vakolatlari xalqaro tijorat nizolarini samarali hal etishga qaratildi hamda Konstitutsiyaviy sudning vakolatlari bilan o‘zaro uyg‘unligi ta’minlandi.

Shu bilan birga, sudyalarni tanlash mezonlari kengaytirilib, xalqaro tijorat huquqi, arbitraj, moliya, bankrotlik va raqamli aktivlar sohasida tajribaga ega yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish imkoniyati yaratildi.

Moliyaviy xizmatlar boshqarmasining vakolatlari ham xalqaro moliya markazlari tajribasi asosida batafsil takomillashtirildi. Jumladan, litsenziyalash, prudensial nazorat, korporativ boshqaruv, iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish, moliya bozorida qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat hamda huquqni qo‘llash mexanizmlari yanada aniq belgilab berildi.

Bir so‘z bilan aytganda, qonunning huquqiy mexanizmlari yanada mukammallashtirildi, amaldagi qonunchilik bilan uyg‘unligi ta’minlandi hamda xalqaro standartlarga mosligi sezilarli darajada kuchaytirildi.

Mazkur qonun mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshiradi. Kapital bozorini rivojlantirish, ilg‘or moliyaviy texnologiyalarni joriy etishga yo‘l ochadi. O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi yetakchi xalqaro moliya markazlaridan biriga aylantirish yo‘lida muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Norgul Abduraimova, O‘zA