Oxirgi daqiqa

Gruziya Milliy ijro byurosi delegatsiyasi yurtimizga tashrif buyurdi

Gruziya Milliy ijro byurosi raisi Lasha Mozgvrishvili boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrif bilan keldi.

Joriy yilning 27-sentabr – 1-oktabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining taklifiga binoan Gruziya Milliy ijro byurosi delegatsiyasi Gruziya Milliy ijro byurosi raisi Lasha Mozgvrishvili boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy ish tashrif bilan keldi.

image

Delegatsiya tarkibidan Gruziya Milliy ijro byurosi rahbariyati va tarkibiy bo‘linmalari vakillari o‘rin oldi. Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi va Gruziya Milliy ijro byurosi rahbariyati hamda vakillari ishtirokida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

image

Uchrashuv davomida tomonlar sud hujjatlarini ijro etish sohasidagi dolzarb masalalar, ijro ishi yurituvini tashkil etish, davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish, zamonaviy axborot texnologiyalari va raqamli yechimlarni qo‘llash, shuningdek, ikki idora o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilishdi.

Mehmon delegatsiya vakillarida ijro ishi yurituvini raqamlashtirish, ayrim jarayonlarni avtomatlashtirish, elektron axborot almashinuvi, elektron auksionlar o‘tkazish, ichki nazorat va monitoring, shuningdek, ijro ishi yurituvida ishtirok etuvchi shaxslar bilan o‘zaro hamkorlik sifatini oshirish masalalari katta taassurot qoldirdi.

Jumladan, tomonlar sohada muntazam ravishda amaliy tajriba va kasbiy bilim almashish, shuningdek, majburiy ijro sohasida milliy tizimlarda qo‘llanilayotgan zamonaviy yondashuvlarni bevosita o‘rganish muhimligini qayd etishdi.

Tashrif doirasida Gruziya Milliy ijro byurosi delegatsiyasi Majburiy ijro byurosining Yashnobod tuman bo‘limiga tashrif buyurib, bo‘lim ishini tashkil etish, davlat ijrochilarining kunlik faoliyati, ijro ishi yurituvlarini amalga oshirish tartibi, ijro hujjatlarini ijro etish mexanizmlari, shuningdek, fuqarolar va tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik amaliyoti to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Bunday hamkorlik shakli nafaqat tajriba almashish, balki amaliy masalalarni birgalikda muhokama qilish, o‘zaro maqbul yechimlarni ishlab chiqish va milliy huquqiy tizimlarning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish uchun ham imkon yaratadi.

Gruziya Milliy ijro byurosi delegatsiyasining tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va ikki idora o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarish, sohaviy hamkorlik, ilg‘or tajribalarni almashishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Hamroz Bayonov, O‘zA