Ozarbayjon poytaxtida sport kurashlari bo‘yicha o‘tkazilgan U17 jahon chempionati erkin kurash bahslarida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi 2 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Katta sportda tasodifiy chempionlar bo‘lmaydi. Olimpiya va jahon arenalarida mamlakat bayrog‘ini yuksaklarga ko‘targan har bir sportchining ortida yillar davomida shakllangan zaxira, mustahkam maktab va uzluksiz tayyorgarlik tizimi turadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatlari nafaqat g‘oliblarni aniqlaydi, balki qaysi davlat kelajakda xalqaro maydonda yetakchi kuch bo‘lishini ham namoyon etadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda sport kurashlari maktabi aynan ana shunday barqaror tizimga ega ekanini izchil isbotlab kelmoqda. Bugun kattalar o‘rtasidagi jahon va Olimpiya chempionlarini tarbiyalayotgan yurtimizda yangi avlod ham munosib voris sifatida maydonga chiqmoqda. Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida o‘tkazilgan U17 jahon chempionati esa bu so‘zlarning yana bir amaliy tasdig‘i bo‘ldi.
Erkin kurash bahslarida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi yuksak raqobat hukm surgan musobaqada munosib ishtirok etib, ikki kumush va uch bronza, jami beshta medalni qo‘lga kiritdi. Medallar turli vazn toifalarida qo‘lga kiritilgani raqobatbardosh va keng zaxiraga tayanayotgan tizim shakllanayotganidan dalolat beradi.
Hususan, 55 kilogramm vazn toifasida Jahongir To‘lqunov hamda 65 kilogrammda Shohiddin Aliyev finalga qadar yetib borib, jahon chempionatining kumush medallarini qo‘lga kiritdi. 45 kilogrammda Muhammad Rahimjonov, 48 kilogrammda Farrux Mahmudov va 110 kilogrammda Behruz Ashirov esa bronza medallariga sazovor bo‘lib, O‘zbekiston delegatsiyasining medallar jamg‘armasini boyitdi.
Shu tariqa, Bokudagi jahon chempionati yana bir haqiqatni namoyon qildi: O‘zbekiston erkin kurash maktabida avlodlar almashinuvi muvaffaqiyatli kechmoqda. Bugun o‘smirlar o‘rtasida jahon shohsupasiga ko‘tarilayotgan bu polvonlar ertaga Olimpiya o‘yinlari va kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatlarida mamlakatimiz sharafini himoya qiladigan asosiy kuchga aylanishi shubhasiz.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA