O`zbekiston tarixidagi koʻp tillarni bilgan ayrim mashhurlar...

O`zbekiston tarixidagi koʻp tillarni bilgan ayrim mashhurlar...

Koʻplab ajdodlarimiz oʻz ona tillari bilan bir qatorda oʻnlab boshqa tillarni ham puxta bilganlar.

Oʻz aql-zakovatini til oʻrganish va shu orqali oʻzga tillardagi bilimlardan bahra olishga bel bogʻlaganlar tarix sahifalarida koʻp til biluvchilar sifatida nom qoldirishgan. Oʻrta asr Sharq allomalarining aksariyati oʻndan ortiq tilni mukammal bilganlar. Ular orasida ayniqsa, ulugʻ mutafakkir Abu Nasr Forobiy shunchalik koʻp tilni bilganidan tarixiy manbalarda va xalq orasida, “Forobiy yetmishdan ortiq tilni biladi”, degan haqli eʼtirofni olgan.

Koʻp tilni biluvchilar XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr oʻrtalarida ham anchani tashkil etgan. Maʼrifatparvar jadidlar kishilarni horijiy tillarni oʻrganishga daʼvat etganlar. Oʻz ona tili bilan bir qatorda chet tillarini bilish oʻzga xalqlar tarixi, madaniyati, turmush tarzi, taraqqiyoti va tanazzuli sabablarini oʻrganishga imkon yaratgan.

Oʻzbek maʼrifatparvari Isʼhoqxon Ibrat arab, ingliz, rus, urdu, fors, fransuz, hind kabi oʻndan ortiq tilni yaxshi bilgan. Bundan tashqari, u qadimiy finikiya, yahudiy, suriya, yunon yozuvlarini chuqur oʻrgangan. Isʼhoqxon Ibrat 1901-yilda oʻzbek, arab, fors, hind, turk va rus tillarida jamlangan “Lugʻat sitta as-sinna” (“Olti tilli lugʻat”) nomli kitob chop etgan. Mazkur risola mahalliy aholining xorijiy tillarni oʻrganishga boʻlgan ehtiyojini qondirish uchun yaratilgan.

Olim va sayyoh Hoji Yusuf Hayʼatiy arab, ingliz, fors, fransuz va yunon tillarini mukammal bilgan. Adabiyotshunos olim va pedagog Ashurali Zohiriy esa arab va fors tillaridan tashqari, barcha turkiy tillarni, shuningdek, rus tilini yaxshi bilgan. U 1925-yilda “Ruscha-oʻzbekcha lugʻat”ni nashr etgan.

Oʻzi ham bir qancha tillarni yaxshi bilgan Behbudiy millatning taraqqiy etishi uchun bir necha til bilishni shart deb hisoblagan. U “Oyna” jurnalining birinchi sonidayoq “Ikki emas, toʻrt til lozim” nomli maqola eʼlon qilgan. Unda oʻzbek, fors, arab, rus va hatto biror uzoq xorij (masalan, fransuz) tilini bilish shartligini yozgan.

Birinchi oʻzbek professori Abdurauf Fitrat oʻzbek tilidan tashqari arab, rus, turk, fors tillarini mukammal bilgan. Ayni shu tillarni yaxshi bilgan shoir va yozuvchi Abdulhamid Choʻlpon rus-tuzem maktabida nemis va fransuz tillaridan ham saboq olgan hamda keyinchalik oʻzining bu tillar borasidagi bilimlarini mustahkamlagan.

Nafaqat Turkiston respublikasi maorif vaziri, balki tilshunos sifatida ham taniqli boʻlgan Nazir Toʻraqulov arab, nemis, rus, turk, fors va fransuz tillarini yaxshi bilgan. Yuqori rahbarlik lavozimlarida ishlagan davlat va jamoat arbobi Inomjon Xidiraliyev esa 11 tilda soʻzlasha olgan.

Yigirma toʻrt yoshida Buxoro respublikasi, yigirma toʻqqiz yoshida esa Oʻzbekiston hukumati rahbari boʻlgan Fayzulla Xoʻjayev oʻzbek tilidan tashqari nemis, ozarbayjon, qozoq, rus, tatar, tojik tillarini mukammal bilgan. Uning tengdoshi boʻlgan va yigirma toʻrt yoshida Turkiston Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi rahbari boʻlgan Abdulla Rahimboyev 14 ta tilda soʻzlasha olgan.

Alisher EGAMBERDIYEV, OʻzA