Oxirgi daqiqa

O‘zbek kashtachiligi jahon sahnasida

Milliy hunarmandchilik xalqning tarixi, madaniyati va ma’naviyatini o‘zida mujassam etgan bebaho merosdir. Ayniqsa, o‘zbek kashtachiligi asrlar davomida shakllanib, nafaqat yurtimizda, balki dunyo miqyosida ham yuksak qadrlanib kelmoqda. Bugungi kunda ushbu noyob san’at turiga bo‘lgan xalqaro qiziqish tobora ortib, u milliy qadriyatlarimizning jahon madaniy merosida munosib o‘rin egallashiga xizmat qilmoqda.

Buxoro viloyati Shofirkon tumani Navoiy qishlog‘ida yashovchi mohir kashtachi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Zuhra Obloberdiyeva ana shunday bebaho merosni asrab-avaylab, uni kelgusi avlodlarga yetkazib kelayotgan fidoyi hunarmandlardan biridir. Uning ijodi nafaqat mahalliy, balki xalqaro miqyosda ham keng e’tirof etilgan. Zuhra opa Yevropa, Osiyo va Uzoq Sharq mamlakatlarida o‘tkazilgan ko‘rgazmalarda ishtirok etib, o‘zining betakror kashtalari bilan tomoshabinlar qalbini zabt etmoqda.

Ayniqsa, uning Yaponiya bilan yo‘lga qo‘ygan hamkorligi kashtachilik san’atini xalqaro darajada targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yaponiyaning Tokay universiteti talabalari bir necha yildan buyon Shofirkonga tashrif buyurib, Zuhra Obloberdiyevadan milliy hunar sirlarini o‘rganib kelmoqda. Bu esa hunarmandning nafaqat mahalliy yoshlar, balki xorijliklarda ham milliy san’atimizga bo‘lgan qiziqishni oshirishga qo‘shayotgan hissasini ko‘rsatadi.

Ayni paytda Zuhra Obloberdiyeva xonadonida yapon tadqiqotchisi, Tokay universiteti professori, etnograf Emmi Imaxori mehmon bo‘lib turibdi. Uning O‘zbekistonda olib borgan ilmiy izlanishlari natijasida Yaponiyada “Kashtachilik ayollar dunyosini qanday o‘zgartiradi” nomli kitob nashr etildi. Ushbu asarda O‘zbekiston, xususan Buxoro hududidagi an’anaviy kashtachilik, ayol hunarmandlarning hayoti va ijodi keng yoritilgan. Kitob etnografik jihatdan boy manba bo‘lib, unda kashtachilik sirlari, naqshlar ma’nosi va ularning tarixi chuqur tahlil qilingan. Ayni paytda bu asar yapon yoshlari o‘rtasida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.

–Buxoro qishloqlaridan birida Zuhra opani uchratdim, –deydi professor Emmi Imaxori. –Uning kashtalarini ko‘rib, hayratda qoldim. Naqshlari va uslubi o‘ziga xos, yangicha yondashuv bilan boyitilgan. Menda ko‘plab savollar tug‘ildi va ularning barchasiga Zuhra opadan javob oldim. U kishi bilan hamkorligimizga qariyb 20 yil bo‘ldi va bu jarayon o‘z samarasini kitobimda topdi.

Emmi Imaxori nafaqat olim, balki chuqur etnografik tadqiqotchi sifatida ham tanilgan. U Zuhra opaning uyida ikki yil yashab, o‘zbek tilini, milliy urf-odatlar va qadriyatlarni o‘rgangan. Shuningdek, pilladan ip olish, mato to‘qish kabi nozik jarayonlarni ham o‘zlashtirgan. U nafaqat Shofirkon kashtachilik maktabini, balki Temuriylar davridan buyon saqlanib kelayotgan Shahrisabz, Nurota va Boysun yo‘nalishlarini ham puxta biladi. Uning ilmiy ishlari milliy san’atimizni xalqaro maydonda targ‘ib qilishda muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

–Bu hunar bizga avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda, –deydi Zuhra Obloberdiyeva.–Onam buni buvimdan o‘rgangan qadimiy kashtalarimiz bugungi kunda dunyoning ko‘plab muzeylarida saqlanmoqda. Shofirkon kashtalari o‘zining ranglari va tikish uslubi bilan ajralib turadi. Men 30 yildan ortiq vaqtdan beri ushbu hunarni rivojlantirib, tabiiy bo‘yoqlar va an’anaviy uslublarni saqlagan holda davom ettirib kelyapman.

Zuhra Obloberdiyeva “Hunarmand” uyushmasi a’zosi bo‘lib, uning asarlari turli mamlakatlarda namoyish etilgan. U bir nechta xorijiy tillarda erkin muloqot qila olishi ham xalqaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda davlat tomonidan hunarmandchilik sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, yaratilayotgan imkoniyatlar ana shunday mohir ustalar faoliyatini yanada rag‘batlantirmoqda. Bu esa o‘z navbatida, milliy an’analarimizning jahon miqyosida keng tarqalishi va munosib e’tirof etilishiga mustahkam zamin yaratmoqda.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari