“O‘zatom” agentligi delegatsiyasi Tatariston Respublikasiga amaliy tashrif bilan borib, Qozon shahrida o‘tkaziladigan “Energoprom” xalqaro elektr energetika forumi doirasida qator muhim uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda agentlik axborot xizmati xabar berdi.
Tashrif doirasida ilmiy-ta’lim muassasalari va sanoat tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Dastlab delegatsiya A.N.Tupolev nomidagi Qozon milliy tadqiqot texnika universitetiga tashrif buyurib, uning ilmiy salohiyati bilan yaqindan tanishdi. Xususan, universitet muzeyi va zamonaviy laboratoriyalar faoliyati ko‘zdan kechirildi. Suhbatlar davomida kompozit texnologiyalar, materialshunoslik hamda muhandislik yo‘nalishlaridagi ilg‘or ishlanmalar muhokama qilindi. Shuningdek, atom sanoati uchun innovatsion materiallar yaratish va qo‘shma laboratoriya bazasini shakllantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Keyingi manzil Qozon davlat energetika universiteti bo‘lib, u yerda oliy ta’lim muassasasi rahbariyati bilan mazmunli muloqot o‘tkazildi. Delegatsiya a’zolari atom, issiqlik va elektrotexnika sohalari bo‘yicha zamonaviy o‘quv infratuzilmasi, jumladan, trenajyor va amaliy tayyorgarlik bazasi bilan tanishdi.

Uchrashuvlarda asosiy e’tibor atom energetikasi uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, qo‘shma ta’lim markazlarini tashkil etish, ilmiy va amaliy tajriba almashish hamda O‘zbekiston va Tatariston o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga qaratildi.

Ishchi tashrif “Ximgrad” texnopolisiga borish bilan yakunlandi. U yerda delegatsiyaga sanoat parklarini rivojlantirishning samarali modellari, muhandislik infratuzilmasini tashkil etish tajribasi hamda rezidentlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar taqdim etildi. Shu bilan birga, sanoat loyihalarini amalga oshirishda qo‘llanilayotgan ilg‘or yondashuvlar, jumladan, O‘zbekistonda ham tatbiq etilayotgan hamkorlik shakllari haqida ma’lumot berildi.
Mazkur uchrashuvlar natijasida tomonlar kadrlar tayyorlash, sanoat kooperatsiyasi va texnologik infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha Tataristonning ilg‘or tajribasini chuqur o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, atom energetikasi, fan va ishlab chiqarish sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA