Oxirgi daqiqa

«O‘zbekkosmos» Xitoy davlat kompaniyasi bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda

«O‘zbekkosmos» agentligi o‘z faoliyati davomida xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirib, kosmik yo‘nalishda tajriba oshirish va yangi texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, bu borada kadrlar tayyorlash kabi ko‘plab yo‘nalishlarda yirik xorijiy kompaniyalar bilan o‘zaro munosabatlarni yo‘lga qo‘ymoqda.

«O‘zbekkosmos» agentligi rahbariyati va Xitoy davlat kompaniyasi «China Electronics Technology Group Corporation» (CETC) Boshqaruv raisi boshchiligidagi delegatsiya a’zolari ishtirokida tadbir tashkil etildi.

Mazkur kompaniya 2002 yilda tashkil etilgan aloqa, elektronika mahsulotlari ishlab chiqarishga hamda dasturiy ta’minotlar tayyorlashga ixtisoslashgan Xitoy davlat kompaniyasi hisoblanadi.

Tadbir davomida bugun O‘zbekistonda kosmik tarmoqni rivojlantirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish, salohiyatli kadrlar bazasini yaratish uchun shaxsan Prezident tomonidan e’tibor berilayotgani, sharoit va imkoniyatlar yaratilayotgani qayd etildi. Jumladan, «O‘zbekkosmos» agentligi Davlat kosmik monitoringi orqali iqtisodiyot sohalarida qonunbuzarlik holatlari va noqonuniy xatti-harakatlarni aniqlab kelayotgani haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, uchrashuvda geoaxborot tizimlari va yerni masofadan zondlash texnologiyalari bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

N.Rahmonova, O‘zA