Ayni kunlarda davlatimiz rahbarining Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald Tramp taklifiga binoan “Tinchlik kengashi”ning dastlabki sammitida ishtirok etish uchun Vashington shahriga amaliy tashrifi keng jamoatchilik e’tiborida bo‘lmoqda.
Jahon siyosiy maydonida keskin o‘zgarishlar kechayotgan, an’anaviy diplomatik yondashuvlar o‘rnini yangi formatlar egallayotgan sharoitda O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarining mustahkamlanishi alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur tashrif nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi, balki Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qilishi bilan ham muhimdir.
Ushbu istiqbolli hamkorlik 2017-yildan buyon izchil rivojlanib kelayotgan strategik sheriklik munosabatlarining mantiqiy davomi va amaliy natijasidir. Vashington shahrida o‘tayotgan “Tinchlik kengashi”ning ilk sammiti esa jahon siyosatida yangi muloqot va hamkorlik mexanizmining shakllanishini anglatadi.
AQSH Prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan G‘azodagi nizolarni bartaraf etish va mintaqani tiklash maqsadida tashkil etilgan ushbu tuzilmada O‘zbekistonning asoschi davlat sifatida ishtirok etishi mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi yuksalayotganidan dalolat beradi.
Bugun O‘zbekiston global jarayonlarda faqat kuzatuvchi emas, balki tashabbus ko‘rsatib, amaliy qarorlar qabul qilishda faol ishtirok etayotgan davlat sifatida namoyon bo‘lmoqda. Davosda imzolangan nizom hamda BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan reja gumanitar muammolarni hal etishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgani bilan ahamiyatlidir.
Kengash tarkibidagi 19 davlat – Saudiya Arabistoni, Turkiya, Qatar va boshqalar qatorida O‘zbekistonning o‘rin olishi mamlakatimizning islom olami va G‘arb davlatlari o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlovchi muhim ko‘prikka aylanayotganini ko‘rsatadi.
Shuni ta’kidlash zarurki, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi iqtisodiy ko‘rsatkichlar tub burilish nuqtasiga keldi. Bugungi kunda O‘zbekistonda AQSH kapitali ishtirokida 340 ta korxona faoliyat yuritmoqda, shundan 233 tasi aynan so‘nggi yetti yil ichida tashkil etilgani islohotlarga bo‘lgan ishonchning amaliy ifodasidir. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro savdo aylanmasi ilk bor 1 milliard dollarlik dovondan oshdi. Biroq, eng hayratlanarli raqamlar Vashingtondagi muloqotlar davomida yangramoqda. Hozirda muhokama qilinayotgan yangi istiqbolli loyihalar paketining umumiy hajmi 100 milliard AQSH dollariga yaqinlashdi. Bu mablag‘lar nafaqat sanoat, balki energetika, qishloq xo‘jaligi va yuqori texnologiyalar sohasidagi mutlaqo yangi sifat bosqichi bo‘lgan 77 ta yirik loyihani qamrab oladi.
Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasidagi “C5+1” formati esa muloqot maydonidan amaliy ijro mexanizmiga aylandi. 2023-yildagi Nyu-York va 2025-yildagi Vashington sammitlari mintaqaviy birdamlikni mustahkamladi. Ushbu strategik hamkorlik faqat poytaxtlar darajasida cheklanib qolmayapti. O‘zbekiston hududlari rahbarlarining AQSHga tashriflari tizimi yo‘lga qo‘yilgani diplomatiyada yangi sahifa ochdi. Rejaga ko‘ra, 2026-yilgacha mamlakatimizning barcha viloyatlari Amerikaning yetakchi shtatlari bilan bevosita iqtisodiy va madaniy aloqalar o‘rnatadi. Bu “markazdan hududlarga” tamoyilining xalqaro maydondagi muvaffaqiyatli tatbiqidir.
Ayniqsa, xavfsizlik sohasidagi hamkorlik – narkotrafik va terrorizmga qarshi kurashda yangi darajaga chiqdi. AQSHga noqonuniy migratsiyaning deyarli nol darajaga tushishi ikki davlat huquq-tartibot organlari o‘rtasidagi yuksak ishonch va tizimli hamkorlik mevasidir.
Inson kapitali – islohotlarning bosh maqsadi. AQSHning Webster universiteti va American University of Technology kabi ta’lim dargohlarining ochilishi o‘zbek yoshlari uchun dunyo standartlarini yaqin qildi. Hozirda respublikamiz ta’lim tizimiga 120 dan ortiq amerikalik ingliz tili mutaxassislari jalb etilgan bo‘lib, bu ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, ikki mamlakatni zamon talabiga mos zamonaviy transport kommunikatsiyalari ham bog‘lab turibdi. Toshkent va Nyu-York o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish, turizm va madaniy almashinuvni kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Kutilishicha, 2026-yil yakuniga qadar O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi amerikalik sayyohlar soni 15 ming nafarga yetadi. Bu esa iqtisodiy samara bilan birga xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va yaqinlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbarining Vashington shahriga tashrifi va “Tinchlik kengashi” sammitidagi ishtiroki O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faol pozitsiyasini yana bir bor namoyon etdi. Mamlakatimiz bugun mintaqaviy hamkorlikni ilgari surayotgan, ayni paytda global jarayonlarda mas’uliyatli ishtirok etayotgan davlat sifatida e’tirof etilmoqda.
Ochiq va pragmatik tashqi siyosat, milliy manfaatlarni umumbashariy qadriyatlar bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan yondashuv O‘zbekiston taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. AQSH bilan strategik sheriklik munosabatlari ana shu maqsadlarga xizmat qilayotgan muhim omildir. Yirik investitsiya loyihalari, keng ko‘lamli islohotlar va tinchlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlar yangi bosqichdagi hamkorlikning amaliy ifodasidir.
Manzura Salimova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi. O‘zA