Dunyoga mashhur britaniyalik xonanda, bastakor, cholgʻu ijrochisi Sami Yusuf Parij filarmoniyasida konsert berdi.
Ushbu konsertda ilk marotaba oʻzbek sanʼatkori — Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Ilyos Arabov ishtirok etib, Alisher Navoiy gʻazaliga bastalangan qoʻshiqni ijro etdi.

Ikki kunlik konsertda Afrika davlatlari, Fransiya, Turkiya, Eron, ozarbayjonlik sanʼatkorlar bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist Ilyosbek Arabov ham ishtirok etdi.
Ikki mohir sanʼatkor buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning ijodiga murojaat etib, uning “Qaro koʻzum” gʻazalini ijro etgani eʼtiborga loyiqdir. Oʻzbekistonga, mumtoz adabiyotimizga mehri baland boʻlgan Sami Yusuf Navoiy gʻazalini kuyga solgan boʻlsa, uni hamyurtimiz Ilyosbek Arabov yuksak mahorat bilan ona tilimizda ijro etdi.

Aytish kerakki, Sami Yusuf 2022-yil Mustaqillik bayrami arafasida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Samarqandda bunyod etilgan zamonaviy sayyohlik majmuasining tantanali ochilish marosimida “Boqiy shahar dostoni” musiqiy dasturida bir qator qoʻshiqlar ijro etgan edi. Asli kelib chiqishi ozarbayjonlik boʻlgan Sami Yusuf buyuk Navoiy ijodiga alohida ehtirom va hurmat bilan qaraydi.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Ilyosbek Arabov ijodida milliy mumtoz ashulalar, maqom namunalari alohida oʻrin egallaydi. Betakror ovoz sohibi ijodining oʻziga xosligi shundaki, u asosan jonli ijroda, oʻziga xos tarzda kuylashi bilan muxlislar mehrini qozongan sanʼatkordir.
N.Usmonova, OʻzA