Bugun O‘zbekiston Respublikasi hamda Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganiga 33 yil to‘ldi. 1993-yil yo‘lga qo‘yilgan aloqalar endilikda siyosiy muloqotdan tashqari, iqtisodiy, investitsiyaviy, gumanitar va parlament darajasigacha kengaygan keng qamrovli sheriklikka aylangan.
Iqtisodiy munosabatda o‘sish sur’ati saqlanib kelmoqda. Iordaniyaning rasmiy “Petra” agentligi va O‘zbekiston tomoni ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yil o‘zaro tovar ayirboshlash 6,9 million dollarga chiqqan. Hamkor davlat yurtimizga dori-darmon, jihoz hamda kimyoviy mahsulotlar yetkazib bergan, O‘zbekiston esa Iordaniya bozoriga mis, meva, yong‘oq va boshqa tovarlar eksport qilgan.
Mavjud salohiyatdan yanada samarali foydalanish maqsadida 2025-yil 11-avgustda Ammon shahrida mamlakatimizinvestitsiyalar, sanoat va savdo vaziri rahbarligidagi delegatsiya qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokara chog‘ida tomonlar savdo aylanmasi ko‘lamini kengaytirish, o‘zaro investitsiyani oshirish va qo‘shma loyihalar amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Munosabatlarning huquqiy asosini mustahkamlash uchuno‘tgan yil Samarqandda, Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning tashrifi davomida 15 hujjat imzolandi. Ayni jarayonda vizani bekor qilish, investitsiyani rag‘batlantirish va muhofaza qilish, qo‘shma komissiya tuzish hamda oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot sohasida hamkorlik o‘rnatish masalalariga ustuvorlik berildi.
Ikki davlat o‘rtasida parlamentlararo muloqot ham samarali yo‘lga qo‘yilgan. 2026-yil 4-fevral kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Iordaniya parlamenti yuqori palatasi raisi bilan uchrashuv o‘tkazdi va savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda parlamentlararo hamkorlikni chuqurlashtirish masalasini muhokama qildi. Shu oyning o‘zidaIordaniya Hoshimiylar Podshohligi Senati (Majlis al-A’yon) Raisi Faysal Akif al-Fayoz boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga keldi. Mazkur tashrif davomida parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, jumladan quyi palatalar vakillarining o‘zaro tashrifini tashkil etish hamda qo‘mitalar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.
Iordaniya rasmiylari ta’kidlashicha, ushbu mamlakat O‘zbekistonni strategik hamkor sifatida biladi va o‘zaro aloqalarni chuqurlashtirishdan manfaatdor. Masalan, investitsiyalar vaziri Tariq Abu G‘azolih iqtisodiy sheriklik nafaqat ikki mamlakat, balki Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqalari uchun ham yangi iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochadi, deya ta’kidlagan. (https://jordantimes.com/news/local/investment-minister-uzbeki-counterpart-discuss-boosting-trade-investment)
O‘zaro savdo ko‘rsatkichi ko‘lami nisbatan bo‘lsa-da, munosabatlar istiqboli kengligini ko‘rsatmoqda. Yaqin Sharq bozoriga chiqish nuqtai nazaridan Iordaniya strategik darvoza vazifasini bajaradi. Arab dunyosi bilan erkin savdo mexanizmiga ega mazkur mamlakat mahsulotlarimizni mintaqadagi keng bozorlarga yetkazish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Bir so‘z bilan aytganda, savdo hajmi o‘sishi tendensiyasi, parlamentlararo muloqot va investitsiyaviy imkoniyat ikki mamlakat aloqalari mamlakatlarimiz uchun strategik ahamiyat kasb etishini ko‘rsatmoqda.
Dilshod Hakimov, O‘zA