Oliy Majlis Senatiga Iordaniya Hoshimiylar Podshohligining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Demiya Haddod tashrif buyurdi.
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher A’zamxo‘jayev bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Iordaniya parlamentlari o‘rtasida muloqotni kengaytirish, qonun ijodkorligi, parlament nazorati va boshqa sohalarda tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Joriy yil fevral oyida Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi parlamenti Senati (Majlis al-A’yan) Raisi Faysal Akif al-Fayez boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ikki tomonlama hamkorlik izchil rivojlanmoqda, siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va parlamentlararo aloqalar tobora mustahkamlanib borayotgani qayd etildi.
Tomonlar ikki mamlakatning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorligini rivojlantirish yuzasidan fikr almashdi.
N.Abduraimova, O‘zA