Oxirgi daqiqa

Germaniyaning GIZ tashkiloti bilan anglashuv memorandumi imzolandi

Jamiyatning yuksalishi azal-azaldan yo‘lga qo‘yilgan aloqalar natijasida yuz bergan. Shuning uchun ham jahon tajribasini o‘zlashtirish, yurtimizdagi mavjud tajribani yanada takomillashtirish maqsadida xalqaro hamkorliklar izchil davom ettirilmoqda.

TexVET loyihasi doirasida A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamda O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi o‘rtasida “O‘zbekiston kasb-hunar ta’limi tizimini isloh qilish va modernizatsiya qilish jarayonini qo‘llab-quvvatlash” bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish, kasb-hunar ta’limini rivojlantirish hamda dual ta’lim tizimi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash yo‘nalishlarida hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan memorandum doirasida muhim ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.

Texnikum direktorlari uchun tashkil etilayotgan menejerlik o‘quv kurslarining o‘quv reja va dasturlarini ishlab chiqish, kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha maktab maslahatchilari, psixologlari va sinf rahbarlarining malakasini oshirish, GIZning TexVET loyihasi doirasida to‘plangan xalqaro tajribani ta’lim amaliyotiga joriy etish, ta’lim jarayoniga yangi metodologiyalar va zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etish, trenerlarni tayyorlash dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, kasb tanlash va kasbiy rivojlanish bo‘yicha axborot-ma’rifiy faoliyatni kuchaytirish, maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim bosqichlari uchun kasbga yo‘naltirish dasturlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish shular jumlasidan.

Shuningdek, kasbiy ta’lim tashkilotlari direktorlari va pedagoglarning kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish ham rejalashtirilgan.

Ta’kidlanishicha, mazkur hamkorlik yurtimiz ta’limi rivojidagi yana bir yangi bosqich sifatida baholanadi.

Sherbek Islomov, O‘zA