Oxirgi daqiqa

Turkiy davlatlar o‘rtasida investitsiyaviy hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda

Kecha Ostona shahrida Turkiy Savdo-sanoat palatalari ittifoqining 3-Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, mazkur yig‘inda Ittifoqga raislik ilk bor Qozog‘istonga topshirilgan. Shuningdek, konferensiyada yurtimiz vakillaridan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi maslahatchilari Alisher Shayxov hamda Jamil Maksudi ishtirok etgan.

Assambleya ishtirokchilari kelgusi davrdagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olishdi. Xususan, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek Turkiy investitsiya jamg‘armasi imkoniyatlaridan faol foydalanish asosiy vazifalar sifatida qayd etildi. Shu bilan birga, savdo va texnik to‘siqlarni qisqartirish, xalqaro marshrutlar va logistika koridorlarini rivojlantirish orqali transport-logistika bog‘liqligini mustahkamlash ham muhim ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi turkiy davlatlar o‘rtasida yagona iqtisodiy makonni shakllantirish va amaliy iqtisodiy natijalarga erishishga qaratilgan tashabbuslarda faol ishtirok etishga tayyor ekanini tasdiqladi.

Ma’lumot o‘rnida: Turkiy savdo-sanoat palatalari ittifoqi 2019 yilda tashkil etilgan bo‘lib, u TDTga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar o‘rtasida savdo, sanoat, investitsiya, texnologiya va boshqa iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan xalqaro platforma hisoblanadi. Hozirgi kunda Ittifoq tarkibiga Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, O‘zbekiston, Turkmaniston va Vengriya kiradi.

O‘.Alimov, O‘zA