So‘nggi yillarda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilib, strategik sheriklik ruhida jadal rivojlanib bormoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat siyosiy muloqot, balki iqtisodiyot, investitsiya, ta’lim, ilm-fan, turizm, qishloq xo‘jaligi va innovatsiyalar sohalarida ham izchil va tizimli ravishda mustahkamlanmoqda.
Davlatimiz rahbarining tegishli topshirig‘i asosida Buxoro viloyati mutasaddilaridan iborat delegatsiya o‘tgan yil noyabr oyida ikki marotaba AQSHga amaliy tashrif bilan borib, okean ortidagi yirik kompaniyalar, sarmoyadorlar va ishbilarmon doira vakillari bilan keng qamrovli va istiqbolli hamkorlik kelishuvlariga erishdi.
Xususan, AQSHning Memfis shahri hamda San-Fransisko shahrida o‘tkazilgan muzokaralar natijasida Buxoro shahrida qiymati 30 million AQSH dollarilik zamonaviy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, mamlakatning yetakchi tekstil kompaniyalari bilan 2026-2027-yillar davomida 60 million AQSH dollarilik tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.
Yoshlar siyosati va innovatsion rivojlanish yo‘nalishida ham muhim kelishuvlarga erishildi. Jumladan, Buxoro shahrida yoshlar uchun startap inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini tashkil etish maqsadida Amerika sarmoyadorlari tomonidan 20 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish rejalashtirildi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida esa irrigatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, zamonaviy uskunalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy muzokaralar olib borildi. Bu loyihalar qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish va resurslardan oqilona foydalanishga xizmat qiladi.
Eng muhim natijalardan biri Amerika milliy paxta kengashi bilan hamkorlikda Buxoro viloyatida paxtachilik sohasida strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar bo‘ldi.
–Paxtaning eng sara navlari AQSHda yaratilgani va butun dunyoga tarqalayotganini bilardik, –deydi Paxta-to‘qimachilik klasteri rahbari Ibrohim Hamroyev. –Ammo bevosita borib, ularning paxtachilik sohasidagi islohotlarini o‘rganish, mahsulotlarimizni jahon brendlariga yetkazib berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish xayolimizga ham kelmagan edi. Prezidentimiz topshirig‘iga asosan AQSH bilan paxtachilik sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Hozir AQSH paxtachilik assosiatsiyasi bilan 3 ming tonna amerika paxtasini sotib olish bo‘yicha muzokaralar olib boryapmiz. Bu, birinchi navbatda, Amerika bozoriga kirish imkoniyatlarini kengaytiradi. Chunki mahsulot tarkibida Amerika paxta tolasi bo‘lsa, AQSH bozorida katta imtiyozlar taqdim etiladi. Shuningdek, AQSHda o‘z omborlarimizni ochish, tayyor mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri jahon brendlariga yetkazib berish tizimini yaratish rejalashtirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, endilikda Buxoro viloyatidagi paxta-to‘qimachilik klasterlari loyihalarini moliyalashtirishda amerikalik hamkorlar bevosita ishtirok etadi. Paxta yetishtirish, qayta ishlash, logistika, savdo va eksport yo‘nalishlarida yangi loyihalar amalga oshiriladi. Xalqaro bozorlarda raqobatbardoshlikni ta’minlash maqsadida qo‘shma strategiyalar ishlab chiqiladi.

2026-2028-yillar davomida AQSH kompaniyalari bilan hamkorlikda 100 ming gektargacha cho‘l yerlarini o‘zlashtirish, 250 million AQSH dollarlik suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, agrar sohada yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish ham ustuvor vazifalardan hisoblanadi.
–So‘nggi yillarda O‘zbekiston-AQSH munosabatlari strategik sheriklik asosida jadal rivojlanmoqda, –deydi Buxoro davlat texnika universiteti prorektori Asliddin Nizomov. –Ayniqsa, oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida hamkorlik mazmunan yangi bosqichga ko‘tarildi. 2025-yil noyabr oyidagi AQSHga amaliy tashrif doirasida Buxoro davlat texnika universiteti va Amerika oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida tomchilatib sug‘orish texnologiyalari, agrar ta’lim va qo‘shma ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha hamkorlik kelishuvlari imzolandi. Bu hamkorlik yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda katta ahamiyat kasb etadi.
Turizm sohasida ham hamkorlik izchil rivojlanmoqda. 2024-yilda AQSHdan Buxoroga 15 ming nafar, 2025-yilda esa 20 ming nafardan ortiq turist tashrif buyurgan. Rejalarga ko‘ra, 2026-yilda turistlar oqimi 3 baravarga oshirilib, 80 ming nafarga, 2027-yilda esa 100 ming nafarga yetkaziladi. Bu orqali yiliga 45 million AQSH dollari miqdorida turizm xizmati eksporti amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Yana bir muhim tashabbus Chikago shahridagi maxsus logistika poligonida Buxoroda ishlab chiqarilayotgan eksportbop mahsulotlarni joylashtirish hamda ularni Amerikaning yirik savdo markazlari, shuningdek, Amazon va Walmart kabi onlayn marketpleyslar orqali sotish rejalashtirilgan.
Umuman olganda, ushbu strategik hamkorlik doirasida Buxoro viloyatida 1 milliard 60 million AQSH dollarilik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, 65 million dollarlik eksport va 5 million dollarlik import operatsiyalarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu esa nafaqat viloyat, balki butun mamlakat iqtisodiy taraqqiyoti uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri