Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston – Qozog‘iston: o‘zaro sayyohlar oqimini oshirish masalalari muhokama qilindi

Turizm qo‘mitasida Qozog‘istonning “Air Astana” aviakompaniyasi vakillari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi havo qatnovlarini kengaytirish, yangi yo‘nalishlar ochish va mavjud parvozlar sonini oshirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekistonda turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish, zamonaviy mehmonxonalar, madaniy-ko‘ngilochar maskanlar va transport-logistika qulayliklarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Xususan, O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan xorijiy sayyohlarning mamlakatimizning madaniy-tarixiy merosiga, jumladan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlariga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotgani ta’kidlandi. Aviaqatnovlarning kengaytirilishi O‘zbekistonda ochilayotgan yangi turizm ob’ektlari, zamonaviy muzey-ko‘rgazma majmualari, rekonstruksiya qilingan tarixiy ansambllar hamda barpo etilgan zamonaviy turistik infratuzilma bilan tanishish imkoniyatini yaratadi.

Muzokaralar yakunida ikki tomonlama hamkorlik doirasida muloqotni davom ettirish va aniq takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA