Oxirgi daqiqa

Xitoy – Markaziy Osiyo: professional fermerlar tayyorlashga ko‘maklashilmoqda

Sian shahrida bo‘lib o‘tgan “Xitoy – Markaziy Osiyo” sammitida belgilangan kelishuvlarni amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarish yo‘lida qator samarali loyihalar amalga oshirilmoqda.

Shulardan biri Markaziy Osiyo davlatlari uchun professional fermerlarni tayyorlash dasturidir. Mazkur loyiha doirasida Xitoyning Shensi viloyati so‘nggi uch yilda mintaqa mamlakatlaridan 300 nafar fermerni zamonaviy agrar bilimlar bilan ta’minladi.

O‘zbekistonlik fermer Jasur Hasanovning tajribasi mazkur hamkorlikning amaliy samarasini yaqqol namoyon etadi. U ishtirok etgan o‘quv dasturi natijasida o‘z xo‘jaligida zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish imkoniga ega bo‘ldi.

– O‘quv dasturiga qadar xo‘jaligimizda suv resurslaridan samarasiz foydalanish muammosi bor edi, – deydi fermer Jasur Hasanov. – 2023 yil dekabr oyida Veynan shahrida tashkil etilgan o‘quvlarda ishtirok etganimdan so‘ng tomchilatib sug‘orish tizimini joriy qildik. Bu esa suv tejalishi bilan birga hosildorlikni oshirish imkonini berdi.

2025 yil 14 dekabr kuni Veynan kasb-hunar texnika kolleji bazasida Markaziy Osiyo davlatlari uchun mo‘ljallangan professional fermerlar tayyorlash dasturi muvaffaqiyatli yakunlandi. Barcha 300 nafar tinglovchi o‘quvni to‘liq tamomlab, o‘z mamlakatlariga amaliy bilim va tajriba bilan qaytdi.

Ushbu ta’lim dasturi 2023 yil may oyida bo‘lib o‘tgan “Xitoy – Markaziy Osiyo” sammitida qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, suv tejovchi va ekologik samarali texnologiyalarni joriy etish, agrar sohada ilg‘or tajriba almashuvini kuchaytirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarga muvofiq ishlab chiqilgan.

Loyihani amalga oshirishda yirik agrar markaz hisoblangan Veynan shahri va Veynan kasb-hunar texnika kolleji asosiy rol o‘ynadi. Ta’lim dasturi zamonaviy qishloq xo‘jaligi, o‘simlik va chorvachilik texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, agrar boshqaruv kabi yo‘nalishlarni qamrab oldi. O‘quv jarayoni nazariya va amaliyot uyg‘unligi asosida tashkil etildi.

Tinglovchilar suv tejovchi sug‘orish, issiqxona xo‘jaligi, quruq iqlimga mos ekin navlari seleksiyasi, agrar sohada mexanizatsiya va raqamli texnologiyalardan foydalanish kabi masalalarni bevosita amaliyotda o‘zlashtirdi. Darslar mintaqa qishloq xo‘jaligi ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda tashkil etildi.

Shuningdek, dastur doirasida madaniy almashuvga ham e’tibor qaratildi. Bu orqali ishtirokchilar Xitoyning an’anaviy madaniyati bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi, bu esa o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, mazkur loyiha Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, ilg‘or agrar texnologiyalarni joriy etish va barqaror mintaqaviy rivojlanishni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Nilufar Bozorova, O‘zA