Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston va Janubiy Koreya aviatsiya sohasida salohiyatli kadrlar tayyorlaydi

Aviatsiya sohasi zamonaviy iqtisodiyot va transport infratuzilmasining eng ustuvor tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Sanoatning rivojlanishi yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy ilmiy izlanishlarni joriy etish bilan uzviy bog‘liq. Shu nuqtai nazardan, xalqaro hamkorlik va qo‘shma ta’lim dasturlari aviatsiya sohasida kadr salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Toshkent davlat transport universiteti rahbariyatining Koreya Respublikasiga amaliy tashrifi davomida bu ishlar ko‘lamini kengaytirish borasida dadil qadamlar tashlandi.

Unda Toshkent davlat transport universiteti va Koreya aerokosmik universiteti rahbariyati o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda ikki muassasa o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy talablarga mos ta’lim va ilmiy-tadqiqot imkoniyatlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida “Havo kemalarining parvoz ekspluatatsiyasi” yo‘nalishi bo‘yicha “1+2+1” qo‘shma ta’lim dasturi doirasida trenajyor tayyorgarligi, parvoz amaliyoti, o‘quv dasturlarini muvofiqlashtirish, o‘qituvchilar almashinuvi va malaka oshirish tizimini amalga oshirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, “2+2” qo‘shma dasturlari doirasida “Aviatsiya menejmenti” va “Aviatsiya logistikasi” yo‘nalishlari bo‘yicha akademik dasturlar to‘liq muvofiqlashtirildi va ta’lim formatlari belgilandi. Ushbu dasturlar 2026 yildan boshlanishi rejalashtirildi.

Uchrashuvda universitet rahbariyati “Aerodinamik quvur (shamol tonneli)” laboratoriyasining ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu laboratoriya talabalar va ilmiy xodimlarga zamonaviy texnologiyalar asosida amaliy tajriba orttirish imkoniyatini beradi.

Tomonlar qo‘shma ta’lim dasturlari, stajirovkalar, ilmiy loyihalar va akademik almashinuvni kengaytirish bo‘yicha strategik rejalarni belgilab oldi. Ushbu hamkorlik talabalarga yuqori malakaviy ta’lim, amaliy tajriba va ilmiy izlanishlarda yangi imkoniyatlar taqdim etadi.

Shu bilan birga, Toshkent davlat transport universiteti rahbariyati Janubiy Koreyaga tashrifi davomida Koreya aerokosmik universitetida ta’lim olayotgan “Havo kemalarining parvoz ekspluatatsiyasi” yo‘nalishi talabalari bilan uchrashuv tashkil etdi.

Uchrashuvda talabalarning o‘qish jarayoni, yashash sharoitlari va darslarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari batafsil o‘rganildi.

TDTU axborot xizmatiga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi mazkur xalqaro hamkorlik asosida tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturlari va zamonaviy laboratoriyalar aviatsiya sohasida salohiyatli kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, ushbu sa’y-harakatlar ikki mamlakatning ta’lim tizimini integratsiyalash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va aviatsiya sohasida ilg‘or tajribalarni rivojlantirishda muhimdir.

N.Ziyodullayeva, O‘zA