Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston – Malayziya: iqtisodiy hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda

“Makkah Halal Forum” tadbiri doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Malayziya Xalqaro marketing va savdo palatasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.

Memorandumni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Qurbonov va Malayziya Xalqaro marketing va savdo palatasi rahbari Zuber Bakri imzoladi. Tomonlar mazkur kelishuv orqali tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, yangi sheriklik munosabatlarini shakllantirish va biznes loyihalarni qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan.

Kelishuvga muvofiq, savdo delegatsiyalari va biznes-missiyalar almashinuvini tashkil etish, investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish, bozorlar to‘g‘risidagi axborot bilan o‘zaro almashish, xalqaro ko‘rgazma va forumlarda faol ishtirok etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, texnik ko‘mak va ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish orqali tadbirkorlarning malakasini oshirish ham nazarda tutilgan.

Halol industriyasi, agrosanoat majmuasi, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, to‘qimachilik va xizmatlar sohasi ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi. Ushbu tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va o‘zaro sarmoya kiritish imkoniyatlarini kengaytirish asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.

Iqtisodchilar fikricha, mazkur kelishuv yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, investitsiyalarni jalb qilish va O‘zbekiston – Malayziya tadbirkorlari uchun yangi bozor imkoniyatlarini ochishga xizmat qiladi.

F.Yaxshiboyeva, O‘zA