Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Xorvatiyada bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdulaziz Kamilov 17-21-may kunlari Xorvatiya Respublikasida amaliy tashrif bilan bo‘ldi.

Dastur doirasida Xorvatiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Plenkovich, Bosh vazir o‘rinbosari, dengiz, transport va infratuzilma vaziri Oleg Butkovich, Xorvatiya tashqi va Yevropa ishlari vaziri Gordan Grlich-Radman, turizm va sport vaziri Tonchi Glavina bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston – Xorvatiya munosabatlarining bugungi holati va ularni yanada rivojlantirish istiqbollari, ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy muloqotni mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirish, oliy va yuqori darajadagi tashriflar almashinuvini faollashtirish masalalari muhokama qilindi. Savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni ilgari surish, idoralararo aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar transport va logistika, energetika, sanoat kooperatsiyasi, raqamlashtirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, turizm, infratuzilmani rivojlantirish va tomonlarni qiziqtirgan boshqa sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun katta salohiyat mavjudligini ta’kidladilar.

Tashrif doirasida Xorvatiyaning yetakchi kompaniyalari va ishbilarmon doiralari vakillari bilan ham muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvlar chog‘ida investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.

Xorvatiya kompaniyalarining 2026-yil 16-18-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishi yuzasidan kelishuvga erishildi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston – Xorvatiya sherikligini yanada mustahkamlash, amaliy hamkorlikni kengaytirish va ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirishga qaratilgan yangi qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishdan o‘zaro manfaatdorlik tasdiqlandi.

O‘zA