Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti qaysi jihatlari bilan tarixiy ahamiyatga ega deb baholanmoqda? Undan qanday uzoq muddatli natijalar kutilayapti? “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov bilan ayni masalalar xususida suhbatlashdik.
– Samarqand sammiti – Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarda mutlaqo yangi, tarixiy bosqichni boshlab bergan siyosiy voqeadir, – deya fikrini bildiradi Eldor Tulyakov. – Ilk bor tarixda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoning barcha beshta davlati rahbarlari bitta davrada, bitta formatda yig‘ilib, strategik sheriklikni shakllantirish masalasida qat’iy siyosiy irodani namoyon etmoqdalar. Ushbu sammitning ahamiyatini to‘liq anglash uchun so‘nggi yillardagi munosabatlarning evolyutsiyasiga nazar tashlashning o‘zi kifoya.
Birinchidan, Markaziy Osiyodagi siyosiy va ijtimoiy muhit tubdan o‘zgardi. Yaqin qo‘shnichilik, birodarlik va xalqlararo munosabatlar yangi, ijobiy mazmun bilan boyidi. Bu o‘zgarishlar natijasida mintaqada birdamlik ruhi kuchayib, xalqaro maydondagi nufuzi ortdi, dunyo hamjamiyati e’tiborini tortdi va turli global hamda mintaqaviy sub’ektlar bilan samarali hamkorlik imkoniyatlari kengaydi. Ayni paytda Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi aloqalarda jiddiy sifat o‘zgarishlari kuzatilmoqda. So‘nggi yetti yil ichida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi to‘rt barobar oshib, 54 milliard yevroni tashkil etdi.
O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan tashqi savdo aylanmasi 2024 yil yakuniga ko‘ra 6,4 milliard dollarga yetdi, bu esa o‘tgan yilga nisbatan 5,2 foizga o‘sishni anglatadi. Mamlakatimizda 1000 dan ortiq Yevropa sarmoyasi ishtirokidagi korxona faoliyat yuritmoqda, ular orqali kiritilgan investitsiyalar hajmi 30 milliard yevroga yaqinlashdi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilab qo‘yilgan maqsadlar, jumladan, yalpi ichki mahsulot hajmini 200 milliard dollarga yetkazish, tashqi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va diversifikatsiya qilish kabi yo‘nalishlar Yevropa Ittifoqining ustuvor yo‘nalishlari bilan hamohangdir. Bu esa o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Shu bois, Prezident Shavkat Mirziyoyev "Euronews"ga bergan intervyusida ta’kidlaganidek, bugungi global murakkab sharoitda Yevropa Ittifoqi bilan teng huquqli va o‘zaro manfaatli hamkorlik har ikki tomon uchun ulkan istiqbollarni ochib bermoqda. Sammit doirasida imzolangan Samarqand deklaratsiyasi ushbu munosabatlarni institutsional darajada mustahkamlab, barqaror rivojlanish, transport va logistika, savdo, “yashil energetika” hamda xavfsizlik sohalarida uzoq muddatli sheriklikni belgilab beradi.
Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen ta’kidlaganidek, bugungi kunda Yevropa va Markaziy Osiyoni ko‘p asrlik Ipak yo‘li merosi yana birlashtirmoqda va biz buni zamonaviy, uzoq muddatli hamkorlikka aylantirish niyatidamiz.
Xavfsizlik muammolari bugungi kunda nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi umumiy tahdidlarga – terrorizm, ekstremizm, transmilliy jinoyatchilik, narkotrafik va kiberhavflarga qarshi birgalikda harakat qilish zaruratini yaxshi anglamoqda. Shavkat Mirziyoyev sammit arafasidagi chiqishida "Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash har doim Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun eng ustuvor vazifalardan biri bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolmoqda", deya ta’kidladi.
Sammit doirasida xavfsizlik bo‘yicha Yevropa Ittifoqi bilan yaqin hamkorlikni kengaytirishni nazarda tutuvchi kelishuvlarga erishish kutilmoqda. U chegaralarni muhofaza qilish, axborot almashinuvini samarali tashkil etish, kiberhimoya sohasida tajriba almashish va inson savdosiga qarshi kurashishni qamrab oladi.
Yevropa Ittifoqi 2021–2024 yillar davomida ushbu maqsadlarda Markaziy Osiyo mamlakatlariga 160 million yevro miqdorida moliyaviy va texnik yordam ajratdi. Shuningdek, Afg‘oniston bilan bog‘liq vaziyatda O‘zbekistonning pragmatik va konstruktiv pozitsiyasi Yevropa Ittifoqi tomonidan yuqori baholanmoqda. Ursula fon der Lyayen ta’kidlaganidek, xavfsizlik masalasi ham o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari terrorizmga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirish hamda xavfsizlik bo‘yicha maxsus muloqotni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.
– Aholi bunday yuqori darajadagi sammitlardan qanday amaliy natijalar kutishi mumkin?
– Savol juda o‘rinli. Zero, har qanday xalqaro kelishuvlarning muvaffaqiyati aynan ularning fuqarolar hayotida qanday namoyon bo‘lishi bilan o‘lchanadi. Samarqand sammitidan keyin oddiy aholi uchun qator amaliy natijalar kutilmoqda.
Birinchidan, infratuzilma va transport loyihalari orqali yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Qurilish, logistika, xizmat ko‘rsatish, IT va telekommunikatsiya sohalarida ishbilarmonlik muhiti faollashadi. Ikkinchidan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan eksportbop mahsulotlar Yevropa bozoriga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu mahalliy tadbirkorlikni rivojlantirib, iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shadi. Bu esa yana ish o‘rinlari va aholimizning farovonligi, degani.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi orqali har yili yuzlab yoshlarimiz Yevropa universitetlarida ta’lim olish va malaka oshirish imkoniga ega bo‘lmoqda. Sammit natijalari ushbu dasturlarni yanada kengaytirish, innovatsiya va ilm-fan sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga yo‘l ochadi. Nihoyat, “yashil energetika”, atrof-muhitni muhofaza qilish, suv resurslarini boshqarish bo‘yicha hamkorlik loyihalari orqali fuqarolarimiz toza va barqaror atrof-muhitda yashash imkoniga ega bo‘ladilar.
Qisqasi, Samarqand sammiti – faqat diplomatik voqea emas, balki har bir fuqaroning hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi barqaror taraqqiyotning yangi davrini boshlab beruvchi strategik platforma hisoblanadi.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA