“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati va Xitoy Xalq Respublikasining “HOLLEYGROUP” Co.Ltd. kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Van Licheng boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, energetika sohasiga investitsiyalar jalb etish, innovatsion loyihalarni hayotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, energetika aloqalarini izchil mustahkamlashga qaratilgan takliflar ham ilgari surildi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Boshqaruvi raisi mamlakatimizda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun yaratilgan qulay muhit haqida so‘z yuritar ekan, “HOLLEY GROUP” Co.Ltd. kompaniyasi bilan elektr hisoblagichlarni ishlab chiqarish va ASKUE tizimidagi hamkorlikni yuqori baholadi. Shuningdek, kelgusida transformatorlar va SIP kabellar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalari haqida to‘xtalib o‘tdi.
Tomonlar o‘zaro zamonaviy texnologiyalar almashinuvi, ikki tomonlama ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash va hamkorlikni mustahkamlash masalalari yuzasidan ham fikr almashdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar energetika sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA