Oxirgi daqiqa

Harbiy tarix yoxud sarhad saqlaganlar: Amir Temurning jang mahorati

Tariximiz har bir davrda kuchli kurashlarga boy o‘tganidan anglash mumkinki, bu yurt himoyasiga shay o‘g‘lonlar barcha zamonlarda ham yetishib chiqavergan. Bizning chin ma’nodagi g‘ururimiz sanalgan Sohibqiron Amir Temur haqida gapirar ekanmiz, o‘z-o‘zidan dunyoni tan oldirgan harbiy mahoratini qayd etmaslik mumkin emas.

Xo‘sh, Sohibqiron siyosati va harb ishidagi mahorati nimasi bilan ajralib turadi? Tarix instituti “Harbiy tarixni o‘rganish” markazi katta ilmiy xodimi Nizomiddin GULBOEV bilan Amir Temurning harb taktikalari xususida suhbatlashdik.

– Mamlakat xavfsizligini ta’minlashda harbiy ishning o‘rni beqiyos. Harb sohasida jang san’atini mohirona egallagan sarkardalar hamma davrlarda o‘rnak bo‘lib kelgan, – deya o‘z fikrini boshlaydi Nizomiddin Gulboyev. – Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonni qurish jarayonida davlatimiz o‘z harbiy qudratini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Zero, o‘zbek davlatchiligida harb ishi qadimdan rivojlanib, takomillashib kelgan. Bu borada harbiy qo‘mondonlar tomonidan qo‘llanilgan turli jang san’ati usullari hozirgi kunda ham dunyoning rivojlangan davlatlaridagi oliy harbiy bilim yurtlarida o‘rganiladi.

Milliy harb jang san’ati va usullari tarixi Tomir xotun, Shiroq, Mahmud G‘aznaviy, Sulton Malik Sanjar, Alouddin Muhammad Xorazmshoh, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Amir Temur, Shohrux Mirzo, Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammad Shayboniyxon, Abdullaxon va boshqa mohir qo‘mondonlarning faoliyati orqali o‘rganiladi.

Bu borada Amir Temurning harbiy jang san’atini misol qilib keltirish mumkin. O‘z davrida jang san’atida turli yangi usullarni ishlab chiqqan Amir Temur kuchli imperiyaga asos soldi. Mohirona jang olib borish usullarini qo‘llash orqali o‘zidan bir necha barobar katta qo‘shinlarni mag‘lub etdi. Xususan, Amir Temur mo‘g‘ullarni yurtimizdan quvib chiqardi, uch yillik, besh yillik va yetti yillik harbiy yurishlarida dushman qo‘shinlarini to‘la tor-mor etib, kuchli markazlashgan davlatni bunyod etdi. Sohibqiron tomonidan kiritilgan yangi tartibdagi jang olib borish usullaridan keyingi davrlarda ham hukmdorlar foydalanib, ko‘plab jang taqdirini o‘z foydasiga o‘zgartirib yuborganligini tarixiy manbalarda ko‘ramiz. Xususan, Boburiylar qo‘shinida, Shohrux, Muhammad Shayboniyxon, Abdullaxon II, Muhammad Rahimxon I va boshqalar tomonidan ushbu jang usullari qo‘llanilgan.

– Dunyo tarixida o‘tgan sarkardalarni bilamiz, ammo olamshumul tarzda tan olinganlari unchalik ham ko‘p emas. Sarkardalik qanday mahoratga tayanadi?

– Odatda, jangning muvaffaqiyatli tugashi sarkardalarning mahorati, shijoati, mardligi va jasoratiga bog‘liq bo‘lgan. Qolaversa, bu holat qo‘shin qismlaridagi sarkardalarni o‘z joyi va o‘rniga qo‘ya olishlikda qo‘shinga boshchilik qilgan lashkarboshidan katta tajriba, bilim va aqlni, hushyorlikni, o‘zidan oldingi voqealarni ko‘ra olish qobiliyatiga ega bo‘lishlikni talab qilgan. Bunday xislatlarni o‘zida mujassamlashtirgan Amir Temur lashkarga ishonchli, tajribali va shijoatli sarkardalarni qo‘ya olganki, bu janglarning so‘zsiz g‘alabasini ta’minlab bergan. Bu haqida “Temur tuzuklari”da aytiladiki: “Jang ko‘rgan, tajribali sardor (lashkarboshi) ulkim, u urushning barcha jumboqlaridan xabardor, qaysi sipoh favj (qism)ini jangga tashlab, qaysi chigalni qanday chora-tadbir bilan tuzatish va qay usulda jang qilish kerakligini bilishi lozim. Tajribali sardor g‘anim (dushman)ning niyati va rejalarini, uning qay usulni qo‘llab, jangga kirmoqchiligini seza bilishi va dushmanning o‘sha tadbirni qo‘llashiga to‘sqinlik qila olishi kerak”...

Xususan, Amir Temur o‘zidan bir necha barobar katta qo‘shini bo‘lgan mo‘g‘ul hukmdori Ilyos Xoja ustidan g‘alaba qozonib, Turonni butkul mo‘g‘ullardan tozalaydi. “Temur tuzuklari”da Amir Temur “... lashkarimni tartibga keltirdim. Uni yetti favjga bo‘lib, yo‘lga tushdim. Tong yorisha boshlaganda (Ilyos Xojaning) hirovuli bo‘lmish Tug‘luq Sulduz va Kayxusravga yetishdim. Ikki hamla bilan ularni yengdim va (ularni) Ilyos Xoja joylashgan Puli Sangingacha quvib bordim. Oqshom tushgach, yotgan yerimizda to‘xtadik. Jang maydoni sovib qolmasdan, qizig‘ida Ilyos Xojaning qariyb o‘ttiz minglik lashkari ustiga to‘satdan bosqin qilishga qaror qildim... To‘g‘ri chorayu tadbir ishlatib, Ilyos Xoja lashkarini yengdim”, deb o‘zining harbiy mahoratini, jangda qo‘llagan usullaridan birini qayd etadi.