Parlamentlararo ittifoqning 150-assambleyasi munosabati bilan yurtimizga kelgan Misr Arab Respublikasi parlamenti Vakillar palatasi Spikeri Hanafiy Ali al-Gebaliy Oliy Majlis Senatiga tashrif buyurdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalar istiqbollari muhokama qilindi. Misr O‘zbekistonning Yaqin Sharqdagi ishonchli hamkorlaridan biri ekani, ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi tarixiy, madaniy va an’anaviy aloqalar hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.
Davlat rahbarlari darajasida erishilgan keng ko‘lamli bitimlarning samarali amalga oshirilishini ta’minlash uchun parlament nazoratini kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Ikki mamlakat parlamentlari Senatlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga, O‘zbekiston va Misr parlamentlaridagi do‘stlik guruhlari faoliyatini faollashtirishga, shuningdek, qo‘shma tadbirlar tashkil etishga e’tibor qaratildi.
Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikka ko‘maklashish maqsadida qonunchilik bazasini takomillashtirish haqida ham fikr yuritildi.
Uchrashuv yakunida Hanafiy Ali El-Gebaliy Senatning Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi.
N.Abduraimova