Oxirgi daqiqa

Zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi

15-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari boʻyicha Mintaqaviy ekspertlar kengashining birinchi yigʻilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizda boʻlib turgan BMT Bosh kotibining oʻrinbosari – Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkovni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Vladimir Voronkov davlatimiz rahbariga Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Oʻzbekistonning BMT institutlari va tuzilmalari bilan, eng avvalo, terrorizm va boshqa transmilliy xatar va tahdidlarga qarshi kurash sohasidagi amaliy hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.

Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlagani uchun mamlakatimiz rahbariga minnatdorlik izhor etib, Vladimir Voronkov Mintaqaviy ekspertlar kengashini tashkil etish tashabbusi amalga oshirilgani uchun Oʻzbekiston tomoniga alohida tashakkur bildirdi. Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan ushbu noyob mexanizmning birinchi yigʻilishi muvaffaqiyatli yakunlangani taʼkidlandi.

BMT Bosh kotibining oʻrinbosari, shuningdek, Oʻzbekistonning mojarolar hududlaridan fuqarolarni qaytarish, ularni reabilitatsiya qilish va jamiyatga qayta integratsiya qilish, jumladan, bunda mahalla institutining keng imkoniyatlari va salohiyatidan foydalanish boʻyicha saʼy-harakatlarini yuqori baholadi.

Oʻzbekiston va BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi oʻrtasidagi hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini nazarda tutuvchi 2024-2025-yillarga moʻljallangan yangilangan “yoʻl xaritasi” imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yoshlarni ekstremizm va terrorizm gʻoyalarining buzgʻunchi taʼsiridan himoya qilish, kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikni kengaytirish va BMT institutlarida yosh mutaxassislar uchun stajirovkalar tashkil etishga qaratilgan qoʻshma tadbirlarni oʻtkazish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Afgʻoniston masalasi yuzasidan fikr almashildi. Bu mamlakatdagi vaziyatga xalqaro eʼtiborni kuchaytirish, afgʻon xalqiga gumanitar yordam koʻrsatishni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.

OʻzA