O‘zbekiston 1992 yil 2 mart kuni tuzilmaga mustaqil suveren davlat sifatida a’zo bo‘lgan. Bir yil o‘tib, BMT Toshkentda vakolatxona ochdi. Ushbu muassasa hozir 25 agentlik, jamg‘arma va dasturlar ko‘magida mamlakatni Barqaror rivojlanish maqsadlari sari yetaklab, 2030 yilgacha mo‘ljallangan rivojlanishning milliy ustuvor yo‘nalishlariga muvofiq qo‘llab-quvvatlamoqda.
Tashkilotning mamlakatimizdagi doimiy koordinatori Sabine Mahl ushbu muhim sana munosabati bilan O‘zA orqali yurtdoshlarimizga qutlov yo‘lladi:
– 1945 yil 24 oktyabr kuni BMT Nizomi kuchga kirgan. Fursatdan foydalanib, men barcha hamkorlarimiz – parlament a’zolari, milliy hamda xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari, xususiy sektor, ilmiy doiralar vakillari, jamiyat yetakchilari va yoshlarga samimiy tabrigimni yo‘llayman.
Bizning faoliyatimiz samarali boshqaruv, inklyuziv va barqaror inson kapitalini rivojlantirish, salomatlik va farovonlik, ona tabiatni asrash kabi muhim sohalarga qaratilgan. Bu jarayonda barcha hududlari bo‘ylab minglab insonlar, ayollar va bolalar, fermerlar, o‘qituvchilar, shifokorlar, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy soha xodimlari, nogironlar, yosh innovatorlar, ko‘ngillilarni qamrab olishga harakat qilamiz.
Men BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori sifatida o‘z faoliyatimni joriy yil 1 iyunda boshladim. O‘tgan davr mobaynida Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasiga uyushtirilgan safarlar davomida o‘zbek xalqining matonati va ko‘tarinki ruhiga guvoh bo‘ldim. Tashriflar mahalliy hokimiyat vakillari, yoshlar, fermer ayollar, tadbirkorlar, keksalar bilan muloqotga boy kechdi.
Respublika hukumati bizni doimiy va izchil qo‘llab-quvvatlayotganidan minnatdorman. Zero, hamkorligimiz taraqqiyotning muhim, ustuvor yo‘nalishlarida muvaffaqiyat qozonishimizga yordam beradi. Men umumiy taraqqiyot sari dadil olimlayotgan, xalq farovonligi tarafdori bo‘lgan O‘zbekistonda ishlayotganimdan faxrlanaman.
O‘zA