Davlatimiz rahbari joriy yil 11 noyabr kuni Falastin muammosiga bag‘ishlangan navbatdan tashqari arab-islom sammitida ishtirok etib, tinchlikka eltuvchi bir nechta xayrli tashabbuslarni ilgari surgan edi. Jumladan, Prezidentimiz Falastin-Isroil muammosini tinchlik va diplomatiya yo‘li bilan hal etishga qaratilgan barcha amaliy harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlab, urushda jabrlangan bir guruh falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekiston shifoxonalarida beg‘araz davolashga tayyor ekanini ta’kidlagandi.
"Ming-minglab begunoh bolalar, ayollar va keksalar o‘limiga sabab bo‘layotgan bu vayronkor va mudhish hujumlar insoniyat yangi tarixining eng qora sahifasiga aylanmoqda. Ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari, maktab va shifoxonalar, masjidlar, butun boshli shaharlar yo‘q qilib tashlanayotgani, millionlab tinch aholi boshpanasiz qolib, ocharchilik va kasalliklarga mahkum bo‘layotganini iztirobsiz kuzatish mumkin emas. Urushdan jabr ko‘rgan falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekistondagi klinikalarda bepul davolashga tayyor ekanimizni bildiramiz", degan edi O‘zbekiston Prezidenti.
Ushbu xayrli tashabbus ortidan kecha O‘zbekiston tomonidan Toshkent-Misr-Toshkent yo‘nalishida maxsus yo‘lovchi charter reys amalga oshirildi. Mamlakatga 100 nafar urush hududlarida aziyat chekkan falastinlik bolalar va ayollar olib kelindi. O‘zbekistonga kelgan bemor bolalar va ayollar, ularga hamrohlik qiluvchilar endilikda davlat tomonidan to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi va sog‘lomlashtirish sihatgohlariga joylashtiriladi. Ularning hayotga to‘laqonli moslashuvini ta’minlashga ko‘mak beriladi.
O‘zA