Joriy yilning 18-21-dekabr kunlari Istanbul shahrida 21-Xalqaro gastronomik pazandachilik festivali bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi vakillari ham ishtirok etdi.
Turizm qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston oshpazlari delegatsiyasi “Istanbul Gastronomy Festival 2024”da yuqori natijalar ko‘rsatib, individual nominatsiyalar bo‘yicha Gran-pri va bir qator mukofotlarni qo‘lga kiritdi.
Festivalda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan oshpazlar, shuningdek, dunyoning turli nuqtalaridan jahon miqyosidagi hakamlar ishtirok etdi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi 2010 yildan buyon jahon oshxonasining oshpazlik standartlarini saqlab qolish va yaxshilashga qaratilgan Butunjahon oshpazlar hamjamiyatlari uyushmasining rasmiy a’zosi hisoblanadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA