Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston va Misr: ekologiya sohasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov O‘zbekiston Respublikasi va Misr Arab Respublikasi o‘rtasida Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 7-majlisi doirasida Toshkentga tashrif buyurgan Misrning rejalashtirish, iqtisodiy rivojlanish va xalqaro hamkorlik vaziri doktor Raniya Al-Mashatni qabul qildi.

Uchrashuvda xorij tomoniga Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida respublikamizni ko‘kalamzorlashtirish, ekologik muammolarni hal etish, Orol dengizi mintaqasida chang va qum bo‘ronlarining oldini olish, ekotizimni tiklash maqsadida amalga oshirilayotgan bir qator ekologik tashabbuslar haqida ma’lumot berildi.

Bu yo‘nalishda A.Abduhakimov Misrning Sinay cho‘li va mamlakatimizning boshqa hududlarida 100 million tup daraxt ekish loyihasiga qiziqish borligini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbarining 2025 yilni O‘zbekistonda “Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yili” deb e’lon qilish tashabbusi ham alohida qayd etildi. “2025–2027-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston va Misr hukumatlari o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik dasturi”ni ishlab chiqish ham muhokama qilindi. Ikki mamlakat o‘rtasida sayyohlik oqimini oshirish, ijodiy, inklyuziv va ekoturizmni rivojlantirish, ikki mamlakat milliy madaniyati, san’ati va tarixiy merosini sayyohlar o‘rtasida keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratildi.

Muloqot yakunida tomonlar O‘zbekiston Respublikasi va Misr Arab Respublikasi o‘rtasida ekologik hamkorlik sohasida anglashuv memorandumini imzoladi. Shu nuqtai nazardan, tomonlar imzolangan memorandumning bajarilishini nazorat qilish, ekologiya va turizm sohalarida hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi yangi tashabbuslarni ishlab chiqish maqsadida muntazam ravishda ikki tomonlama maslahatlashuvlar o‘tkazishga kelishib oldi. Shuningdek, ishchi guruh tuzish va ikki vazirlikdan mas’ul shaxslarni tayinlash bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.

Misr delegatsiyasi Ekologiya vazirligining Vaziyatlar markazida ham bo‘lib, u yerda atrof-muhit monitoringi tizimi, ekologik huquqbuzarliklarni kuzatish bo‘yicha raqamli texnologiyalarni joriy etish va ularga tezkor chora ko‘rish mexanizmlari bilan tanishdi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA