Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston – Xitoy: fan va texnologiyalar hamda muhandislik sohasida muhim qadam

Xitoyning Chunsin universitetida Xitoy – O‘zbekiston ilmiy-texnologik hamkorligiga bag‘ishlangan simpozium bo‘lib o‘tdi. Ushbu simpozium Xitoy va O‘zbekistondan kelgan ekspertlarni birlashtirdi.

Simpozium davomida Chunsin universiteti prezidenti, professor Van Shusin va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti S.Mirzayev o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Qayd etish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida mazkur universitetda hozirda O‘zbekistonning 14 ta ilmiy muassasalari bilan hamkorlikda “Shahar zilzilabardoshligi“ bo‘yicha Xitoy – O‘zbekiston ilmiy-texnologik hamkorlik va texnik trening loyihasi amalga oshirilmoqda.

Loyiha rejasining yakunida o‘tkazilgan ilmiy simpoziumda O‘zbekistonning 14 ta muassasasidan ishtirok etgan 35 nafar yosh olimga sertifikatlar topshirildi. Shuningdek, Xitoy – O‘zbekiston shahar tadqiqotlari qo‘shma laboratoriyasida ishtirok etish uchun ariza topshirgan o‘n beshta tashkilotga esdalik belgilari taqdim etildi.

Simpozium Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida fan va texnologiyalar hamda muhandislik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.

Nigora Rahmonova, O‘zA