Bugungi yangilanish jarayonlarida jadidlarning ma’rifatga yo‘g‘rilgan g‘oyalari har qachongidan ham dolzarb sanaladi. Buyuk taraqqiyparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy jamiyatni hur, ozod, farovon, millatimizni esa bilimli, ziyoli ko‘rishni orzu qilgan. Behbudiy merosi, uning sinovlar, turli murakkabliklar, mushkulotlarga to‘la hayoti va faoliyati biz uchun hali ochilmagan mavzu, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil 27 dekabrdagi “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ma’rifatparvar ajdodimizning hayot yo‘lini o‘rganishda yangi ufqlarni ochishdek maqsadlarni ko‘zlashi bilan qimmatli.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori o‘rinbosari, tarix fanlari doktori Dilnoza JAMOLOVA bilan ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz tavalludining 150 yilligini nishonlashga oid hujjatning ahamiyati, Mahmudxo‘ja Behbudiy merosining o‘ziga xos jihatlari xususida suhbatlashdik.
–Avvalo, ushbu hujjatning ahamiyati haqida gapirib bersangiz.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan XX asr boshlarida Turkistonda zamonaviy ta’lim tizimiga asos solgan, millat ozodligi, xalq farovonligi uchun kurashgan barcha jadidlarga, jumladan, Mahmudxo‘ja Behbudiyga ehtirom ko‘rsatib, yoshlarga o‘rnak qilib ko‘rsatish hamda ma’naviy merosini chuqur o‘rganish bo‘yicha oqilona va adolatli ishlar qilinayotgani yaxshi ma’lum. 2020 yil 24 yanvar kuni Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomada davlatimiz rahbari “...2020 yilda xalqimiz tarixining murakkab damlarida ma’rifat mash’alasini baland ko‘tarib chiqqan ulug‘ alloma va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiyning 145 yillik tavallud sanasi keng nishonlanadi. Umuman, biz jadidchilik harakati, ma’rifatparvar bobolarimiz merosini chuqur o‘rganishimiz kerak. Bu ma’naviy xazinani qancha ko‘p o‘rgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda ko‘p savollarga to‘g‘ri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targ‘ib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi”, deya ta’kidladi. Bu buyuk allomaning millatimiz va davlatimiz oldidagi tengsiz xizmatlari e’tirofidir, albatta.
2020 yil 30 sentyabrda Prezidentimiz 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ziyolilarga qilgan murojaatida esa jadidchilik harakati va uning yirik namoyandalari haqida to‘xtalib, uch jadid Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonovni istiqlol, ozodlik, erkinlik uchun qilgan fidokorligi, milliy ta’lim va tarbiya tizimini yaratishdagi hissasi uchun “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlanganini ta’kidladi.
O‘z davridayoq “Turkiston jadidchilik harakati otasi” deb e’tirof etilgan Mahmudxo‘ja Behbudiyning qilgan xizmatlari e’tirof etilib, davlatimiz rahbari tomonidan munosib taqdirlandi.
Kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaror imzolandi. Bu o‘zbekning ulug‘i, Turkiston jadidlarining otasiga ko‘rsatilgan yuksak ehtirom, e’tibor va uning buyuk xizmatlarini e’tirof etishdir.
Qarorda Mahmudxo‘ja Behbudiy faoliyatini chuqur o‘rganish va targ‘ib qilish, tavalludining 150 yilligini munosib nishonlash maqsadida tashkiliy qo‘mita tuzilishi va qo‘mita tomonidan ikki hafta ichida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanishi belgilab qo‘yildi. Dasturda mutafakkir adibning “Tanlangan asarlar” to‘plami, uning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy-ommabop kitoblarni nashrga tayyorlash va chop etish, Mahmudxo‘ja Behbudiy haqida spektakllar sahnalashtirish hamda bugungi kunga qadar yaratilgan “Mahmudxo‘ja Behbudiy” kinoseriali va “Xalq yuragi” badiiy-publitsistik filmlarining ommaviy namoyishlarini tashkil qilish, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, ijod maktablari o‘quvchilari, “Temurbeklar maktablari” kursantlari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Mahmudxo‘ja Behbudiy saboqlari” mavzusida insholar tanlovini o‘tkazish va g‘oliblarni munosib taqdirlash, 2025 yil oktyabr oyida “Mahmudxo‘ja Behbudiy merosi va jadidlik harakatini o‘rganishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil qilish, 2025 yil noyabr oyida Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlangan tantanali adabiy-ma’rifiy xotira kechasini o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
– Umuman olganda, Mahmudxo‘ja Behbudiy fenomeni nimalarda namoyon bo‘ladi, sizningcha? Bugungi kunda ma’rifatparvar bobomiz g‘oyalarining dolzarbligi nimalarda ko‘proq aks etadi?
– Turkiston ijtimoiy-siyosiy harakatining eng yirik namoyandasi, Turkiston jadidlari rahnamosi, mustaqil jumhuriyat g‘oyasining bayroqdori, yangi maktabchilik nazariyotchisi va amaliyotchisi, o‘zbek dramaturgiyasi asoschisi, noshir, jurnalchi Mahmudxo‘ja Behbudiy tariximizning g‘oyat og‘ir va murakkab bir davrida yashadi. O‘lkamizni bosib olgan Rossiya imperiyasi uzoq yillar zo‘r berib, uni turg‘un va tutqun saqlashga urinayotgan bir sharoitda Vatanni butunlay yo‘q bo‘lishdan saqlab qolish, avlodlarni ozodlik va mustaqillik ruhida tarbiyalash, ma’rifat va taraqqiyotga boshlash Mahmudxo‘ja Behbudiy va uning izdoshlari zimmasiga tushgandi. Ular Turkistonda “Usuli jadid”, “Usuli savtiya” nomlari bilan shuhrat topgan yangi maktablarni tashkil qilib, ulardagi o‘qitish tizimini isloh qildilar. Xususiy maktablar ochib, bolalarga diniy fanlar bilan birga aniq va tabiiy fanlarni o‘qitdilar, she’r va maqolalari hamda sahna asarlari orqali milliy ongni shakllantirish, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini singdirishga urindilar.
1903 yil alloma tashabbusi bilan shogirdlari Siddiqiy Ajziy Halvoyi, Abduqodir Shakuriy Rajabamin qishlog‘ida, Hoji Muin Xo‘ja Nisbatdor mahallasida jadid maktablarini ochadilar. Behbudiy maktablar faoliyatini tashkil etish bilan birga, ular uchun “Risolai asbobi savod” (1904), “Risolai jug‘rofiyai umroniy” (1905), “Risolai jug‘rofiyoyi Rusiy” (1905), “Kitobat ul-atfol” (1908), “Amaliyoti islom” (1908), “Tarixi islom” (1909) kabi darslik va qo‘llanmalar yozadi.
Behbudiy 1908 yil “Qiroatxonayi Behbudiya” (keyinchalik “Behbudiya” nomi bilan mashhur bo‘lgan) kutubxonasini ochadi. Ushbu kutubxona ikki navbatda – soat 9 dan 17 gacha va soat 18 dan 24 gacha ishlab, 60 dan 110 gacha bo‘lgan kitobxonlarga xizmat ko‘rsatgan. Alloma “Samarqand kutubxona islomiyasi” maqolasida kutubxonada 600 ta kitob va risola, gazeta va jurnallar esa undan ham ko‘p bo‘lganini yozadi. 1914 yilgi sayohati davomida Kavkaz, Qrim, Turkiya, Yunoniston, Bulg‘oriston, Avstriya va Germaniyaning turli shaharlarida bo‘lib, u yerlardan o‘z kutubxonasi uchun juda ko‘p kitob va risolalar olib keladi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy yangi usul maktablari faoliyatini tashkil etish, darsliklar yozish, kutubxona ochish bilan cheklanib qolmagan. Zamon va dunyo voqealari bilan tanishib borish, millat va Vatan ahvolidan, kundalik hayotidan ogoh bo‘lish uchun 1913 yildan matbuot ishlarini yo‘lga qo‘yadi va shu yilning aprelidan “Samarqand” gazetasi hamda avgust oyidan “Oyina” jurnali chiqa boshlaydi. 1913 yil 17 sentyabrda gazetaning 45-soni chiqqan bo‘lib, bir tomondan, mustamlakachilar senzurasi, ikkinchi tomondan, yetarli mablag‘ bo‘lmagani sabab to‘xtatiladi.
“Oyina” haftalik jurnal bo‘lib, uning obunachilari nafaqat Turkiston, balki Kavkaz, Tatariston, Eron, Afg‘oniston, Hindiston va Turkiyada ham bor edi. 1915 yilgacha nashr qilingan jurnalda Turkiston aholisining haq-huquqi, tarixi, til-adabiyot masalalariga bag‘ishlangan g‘oyat muhim maqolalar, bahslar berib borilgan.
“Oyina” jurnali tahririyatining faoliyati mustamlakachilar tomonidan doimiy nazoratda bo‘lgan. O‘zbekiston Milliy arxivida Turkiston harbiy okrugining shtab boshlig‘i imzosi bilan Samarqand viloyat harbiy gubernatoriga 1914 yil 19 avgust kuni 100-xat yuborilgan bo‘lib, unda Birinchi jahon urushi davrida “mahalliy matbuotda Rossiya manfaatiga zid maqolalar paydo bo‘lishi mumkinligi bois” Turkiston harbiy senzurasi Samarqanddagi nashrlarni nazorat qilib turishni shtab-kapitani Otayevga topshiradi. “Oyina” jurnali to‘g‘rilama-qoralamasidan ko‘chirma jurnal bosmadan chiqishiga ikki kun qolguncha senzuraga yuborilishi bosh muharrir zimmasiga yuklatiladi. Mahmudxo‘ja Behbudiy harbiy okrugga chaqirtirilib, ushbu “o‘ta maxfiy xat” ostiga “o‘qidim va ma’lumot uchun qabul qildim”, deya imzo chektiriladi. Shu bilan birga, Turkiston general-gubernatorligi nashri “Turkiston viloyatining gazeti”da milliy jurnalda chop etilgan fikrlarga qarshi chiqishlar ko‘paytiriladi. “Oyina” bosh muharriri esa ularga munosib javob berib boradi. Ammo jurnal faoliyatini cheklash uchun olib borilgan uzluksiz harakatlar o‘z samarasini beradi va 1915 yilga kelib jurnal faoliyati butunlay to‘xtatiladi.
Alloma jamiyat hayotidagi illatlar, nuqsonlar va ilmsizlikni sahnada ko‘rsatish orqali xalqni taraqqiyparvarlikka da’vat etish maqsadida 1914 yil milliy teatrga asos soladi. Teatr sahnasida ijro etish uchun “Padarkush” dramasini yozadi. Muallif “Milliy fojea” deb atagan, 3 parda 4 manzarali bu drama hajman ixcham, mazmunan nihoyatda sodda va tushunarli bo‘lib, o‘qimagan bolaning buzuq yo‘llarga kirib, o‘z otasini o‘ldirgani, nodonlik va jaholat haqida edi. “Padarkush” dastlab 1914 yil 15 yanvarda Samarqandda, 1914 yilning 27 fevralida Toshkentda sahnaga qo‘yilgan. Ushbu sahna asari Turkistonni junbushga keltirgan qirg‘inbarot yillarda ham sahnadan tushmaydi. Bu bir tomondan millatni ma’rifat va taraqqiyot sari undagan bo‘lsa, ikkinchi tomondan rosmana o‘zbek teatri va dramachiligining maydonga kelishi hamda taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy siyosiy jarayonlarda ham faol ishtirok etgan bo‘lib, XX asr boshidagi Turkistonning yirik siyosiy arboblaridan biri edi. 1907 yil Mahmudxo‘ja Behbudiy 2-Davlat dumasining musulmon fraksiyasiga 9 bo‘lim, 75 banddan iborat “Turkiston madaniy muxtoriyat” loyihasini taqdim etgan. Ammo Rossiya imperiyasiga zid manfaatlarni talab qilib chiqqan loyiha qabul qilinmagan. Ushbu loyiha mintaqa xalqlari manfaatlarining ifodasi bo‘lib, unda davlat ishlarini turkiy tilda yuritish, milliy idoralar tashkil etish va unga turkiy millatga mansub ziyolilardan a’zolar saylash qat’iy belgilab qo‘yilgan edi. Rossiya imperiyasi tarkibidagi mustamlaka xalqlar nomidan Davlat dumasi o‘z bilganicha ish tutmasligi, har bir mamlakatning tabiiy, ijtimoiy va madaniy sharoitlaridan kelib chiqib qonunlar chiqarilishi kerakligi ta’kidlangan.
1917 yilning 16–23 aprelida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Turkiston musulmonlarining 150 vakili ishtirok etgan qurultoyida Behbudiy nutq so‘zlab, millatni o‘zaro ixtiloflardan voz kechishga, buyuk maqsad yo‘lida birlashishga, ittifoq bo‘lishga chaqiradi. “Ixtilofimiz sababli mustamlakot qoidasi ila bizni idora eturlar”, deb ochiq aytadi.
1917 yilda Turkiston jadidlari o‘zlarining yangi siyosiy tashkilotlari “Ittihodi taraqqiy” (Ittihod – arabcha so‘z bo‘lib, uyushma, tashkilot degan ma’nolarni bildiradi)ga asos soldilar. “Ittihodi taraqqiy” sovet hukumatining mustamlakachilik siyosatini tanqid qilish, yoshlarni siyosiy faollashtirish va maktab ishlarini isloh qilish bilan mashg‘ul bo‘lgan. Bu tashkilot o‘z faoliyatini tashkillashtirishda Turkiyadagi “Ittihod va taraqqiy” (1889-1918) tashkilotidan yordam so‘ragan va 1919 yili Toshkentdan Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev va Saidnosir Mirjalilov, Samarqanddan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Mardonqul va Muhammadqullardan iborat maxsus vakillarini Turkiyaga yuborgan.
Bu delegatsiyaning yashirin topshiriq bilan Turkistondan chiqib ketishidan CHK (sovet hokimiyatining favqulodda komissiyasi) xodimlari xabar topgan. Natijada Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev Moskvada, Saidnosir Mirjalilov Tiflisda yashirinishga majbur bo‘lgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy Inqilobiy favqulodda komissiya (CHK) ayg‘oqchilari yordamida Shahrisabzda qo‘lga olingan. Oradan taxminan ikki oy o‘tgach, Qarshiga keltirilib, zindonga tashlangan. Bir necha kundan so‘ng Qarshi voliysi Nuriddin Og‘aliq (Nuriddinxo‘ja Og‘aliq Ahmadxo‘ja o‘g‘li)ning buyrug‘i bilan (qatlnomada amir muhri bo‘lmagan) zindon yaqinidagi “podsholik chorbog‘i”da qatl qilingan.
Behbudiydan qutulish kimlar uchun kerak edi? Rossiya Buxoro amirligini zabt etishga jon-jahdi bilan intilayotgani, amirlikning ham unga qarshi kurashga shay ekanini hisobga olsak, Behbudiyni yo‘q qilishdan qaysi taraf ko‘proq manfaatli edi, degan savol kelib chiqadi. G‘irrom siyosatini mustahkamlash uchun sovetlarning Behbudiy singari xalq hurmatiga sazovor kishilarga ehtiyoji katta edi. Amirlik esa “Yosh buxoroliklar”ning jiddiy kuchga aylanganini bila turib, Behbudiydek rahnamoni o‘ldirishga botina olmasdi. Shu sababli qulay imkoniyatni kutish ular uchun maqsadga muvofiq edi.
Mahmudxo‘ja Behbudiyning qatl qilingani Samarqandda bir yildan keyin ma’lum bo‘ladi. Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Sadriddin Ayniy va boshqa shoirlar allomaga atab marsiyalar yozganlar.
Keyinchalik Mahmudxo‘ja Behbudiyning Samarqandda faoliyat yuritayotgan shogirdlari, safdosh va maslakdoshlari uning qabrini izlab topish, qotillarni aniqlash harakatiga tushadilar. Ular “Samarqand komissiyasi”sini tuzib, Qarshiga kelganlarida, bu paytda ushr-soliq nazorati idorasining boshlig‘i bo‘lib olgan Nuriddin Og‘aliq ularning faoliyatiga yo‘l qo‘ymaydi. Qarshi shahridagi hukumat a’zolari esa uning xohish-irodasiga qarshi chiqolmaganlar.
Amirlik davrida yuqori mansabda ishlagan Nuriddin Og‘aliqning sovet hukumatida ham o‘z mavqeini saqlab qolishi sababi bolsheviklar bilan hamkorlikda o‘zbekning ulug‘i Mahmudxo‘ja Behbudiyni yo‘q qilib yuborgani bilan bog‘liqligini hech kim inkor etolmaydi, albatta. U “Samarqand komissiyasi” faoliyatiga yo‘l qo‘ymay, “yopiqliq qozon yopig‘ligicha qoladi”, deb o‘ylaydi.
Ammo 1923 yilning kuzida BXSR hukumati taftish komissiyasi Qarshi viloyati soliq idorasi faoliyatini tekshiruvdan o‘tkazadi. Komissiya Nuriddin Og‘aliq hamda uning safdoshlari katta qonunbuzarlik va jinoyatga qo‘l urganlarini aniqlaydi. Chunonchi, Nuriddin Og‘aliq hukumatning 42 ming pud bug‘doyi va 20 ming oltin quymasini talon-toroj qilganlikda, mehnatkashlarning 1000-2000 tasini yarim och, yarim to‘q holatda o‘z yerlarida ishlatganlikda ayblanadi. Bundan tashqari, buyuk mutafakkir Mahmudxo‘ja Behbudiy hayotiga zomin bo‘lgani bilan bog‘liq jinoyati ham qo‘shilib, sud Nuriddin Og‘aliqni otishga qaror qiladi.
Hukm 1923 yil 19 sentyabrda Registon maydonida 5000 aholi ishtirokida amalga oshiriladi. “Buxoro axbori” gazetasida “Behbudiy va rafiqlarining o‘ldirilishiga sabab bo‘lg‘on fuqaro hukumatining molig‘a xiyonat qilgan mazkur Og‘aliq 19 sentyabrda (1923 yil) odil hukumatimiz tomonidan otildi, demak, Behbudiy va rafiqlarining o‘chlari olindi”, deb xabar beradi.
Buxoro hukumati Qarshi viloyati ijroqo‘mi raisi Jo‘ra Zokiriy hamda Qarshi viloyat firqo‘mi Nazarov zimmasiga Mahmudxo‘ja Behbudiy qabrini qidirib topib, uning haykalini o‘rnatish vazifasini yuklaydi. Lekin bu mutasaddi shaxslar o‘zlariga yuklangan vazifani uddalay olmaganlar. “Ozod Buxoro” gazetasining 1923 yil 19 oktyabrdagi sonida “Turkistonning mashhur jamoat xodimlaridan Behbudiyning ismini umrbod (abadiy) qoldirmoq uchun Buxoro Respublikasi qurultoyi Qarshi viloyatini Behbudiy viloyati deb ismlamakka qaror berdi”, deb xabar beradi.
Qarshi viloyati 1937 yilga qadar Behbudiy viloyati deb atalgan bo‘lib, 1937 yil boshlangan qatag‘onlar oqibatida viloyatdan alloma nomi olib tashlanadi. O‘zbekning barcha ziyolilari singari Mahmudxo‘ja Behbudiy ham millat ozodligi va taraqqiyoti uchun kurashgani uchun sovetlarning qora ro‘yxatidan o‘rin oladi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkistonning zabardast o‘g‘loni edi, uning Turkiston xalqi ozodligi, farovonligi, obodligi uchun qilgan xizmatlari bugungi kun uchun ham o‘rnak va ibratdir.
– Keyingi yillarda mamlakatimizda jadidlik harakatini o‘rganish, taraqqiyparvar bobolarimiz hayotini keng targ‘ib etish maqsadida ko‘plab sahna va ekran asarlari yaratilmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi badiiy asarlar, ayniqsa, spektakllar xususida fikringizni bilmoqchi edik.
– Bu albatta, yaxshi. Hozir ekranlarimizni ijtimoiy va oilaviy muammolarga qaratilgan telenovella, badiiy film va seriallar egallab olgan bir sharoitda jadid bobolarimizning ibratli hayoti va faoliyatiga oid ko‘p qismli filmlar namoyish etilsa, xalqimizda milliy g‘urur, vatanparvarlik, millatparvarlik tuyg‘ulari shakllanadi.
Shuni ham aytib o‘tishim kerakki, yaratilayotgan har bir sahna asari, badiiy va hujjatli filmlar tarixchi olimlar, ayniqsa mutaxassislar taqrizidan o‘tishi kerak. Chunki xalqimizga haqqoniy tariximizni yetkazishimiz zarur va shart deb hisoblayman.
O‘zA muxbiri
Nazokat Usmonova
suhbatlashdi.