Jamiyat taraqqiyotida ilmiy-tadqiqot universitetlari innovatsion bilimlarni ishlab chiqish orqali ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga turtki beradi.
Bunday universitetlar zamonaviy ta’lim dasturlarini ta’minlab, yuqori malakali kadrlarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yo‘lda jamiyat duch kelayotgan dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan tadqiqotlarni olib borib, ijtimoiy barqarorlik, inson salomatligini yaxshilash va ekologik muammolarni bartaraf etishda muhim vazifani bajaradi.
Jahon bankining 2011 yilda e’lon qilingan hisobotiga ko‘ra, muvaffaqiyatli ilmiy-tadqiqot universitetlarini shakllantirish uchun mavjud muassasalarni modernizatsiya qilish, birlashtirish yoki yangisini yaratish kabi strategiyalar samarali hisoblanadi. Hukumatlar oliy ta’lim tizimlarining markaziy bo‘g‘ini bo‘lgan bunday universitetlarning global iqtisodiyotdagi o‘rnini va ahamiyatini yaxshi anglaydi. Ular mamlakatlarning jahon bozorida raqobatbardoshligini ta’minlash uchun asosiy poydevor vazifasini o‘taydi.
Ilmiy-tadqiqot universitetlari yuqori malakali xorijiy o‘qituvchilar va iste’dodli talabalarni jalb qilishga alohida e’tibor qaratadi. Eng yaxshi mutaxassislar va iqtidorli talabalarni jalb qilish orqali dinamik o‘quv muhiti shakllantiriladi va ilg‘or tadqiqotlar hamda innovatsiyalar rivojlantiriladi. Bunday muassasalar olib boradigan tadqiqotlar natijasida yangi texnologiyalar joriy etilib, zamonaviy korxonalar tashkil etiladi. Faoliyatning amaliy ahamiyati shu bilan cheklanib qolmaydi — ular davlat va xususiy sektorlardan moliyalashtirishning yuqori darajasiga ega bo‘lib, natijada jahon darajasidagi tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyati yuzaga keladi.
Yana bir muhim xususiyati — boshqaruvdagi akademik va moliyaviy erkinlikdir. Akademik erkinlik va strategik rejalashtirishga asoslangan boshqaruv universitetlarga ijodiy hamda tadbirkorlik yondashuvlarini qo‘llash imkonini beradi. Bunday muassasalar ta’lim jarayonida yangi texnologiyalar va ilg‘or pedagogik metodlardan samarali foydalanadi. Natijada bu talabalar uchun qiziqarli o‘quv muhitini yaratadi.
Yana bir jihati fanlararo tadqiqotlar ham qo‘llab-quvvatlanadi. Turli akademik sohalar o‘rtasidagi hamkorlik murakkab global muammolarni innovatsion yechimlar orqali hal qilish imkonini beradi. Masalan, ekologik muammolar, iqlim o‘zgarishi yoki qurilish texnologiyalaridagi yangiliklar kabi masalalarni hal etishda fanlararo yondashuv katta ahamiyatga ega.
Shuningdek, ilmiy-tadqiqot universitetlari boshqa ta’lim muassasalari, sanoat tarmoqlari va davlat idoralari bilan hamkorlik qilishda faol qatnashadi. Bu hamkorliklar bilimlar almashinuvini ta’minlab, tadqiqotlar ko‘lami va ta’sirini yanada kengaytirishga yordam beradi.
Ushbu o‘ziga xos xususiyatlar yig‘indisi ilmiy-tadqiqot universitetlarini kelajakdagi bilim va innovatsiyalarni shakllantiruvchi asosiy ishtirokchilar sifatida joylashtiradi. Biroq moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni barqaror saqlash, byudjetni samarali boshqarish va akademik erkinlikni ta’minlashda murakkab muammolarga duch keladi. Ushbu universitetlar uzoq muddatli moliyalashtirishni ta’minlash uchun davlat va xususiy manbalar bilan yaqin aloqalar o‘rnatishi va raqobatbardosh grantlarni jalb qilishi lozim. Ular xalqaro tadqiqot tarmoqlari, yetakchi kompaniyalar va hukumatlar bilan hamkorlik qilish orqali o‘z ta’sir doirasini kengaytirib, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga hissa qo‘shishi mumkin.
Kelajakdagi o‘zgarishlarga moslashuvchan bo‘lishi uchun o‘z faoliyatini zamonaviy tendensiyalar va texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirishi, strategik rejalar ishlab chiqib, global muammolarni hal etishda innovatsion yechimlarni taklif qilishlari kerak. Mahalliy va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish orqali universitetlar jamiyatda ijobiy o‘zgarishlar yaratadi. Hamkorlik munosabatlari davlat muassasalari va tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘rnatilsa, ijtimoiy muammolarga samarali yechim topish imkoniyati kengayadi.
Universitetlar javobgarlik va inklyuzivlikka asoslangan ta’lim jarayonlarini tashkil qilib, ijtimoiy farovonlikni oshirishga xizmat qiladigan loyihalarni amalga oshirishi lozim.
Bugungi kunda tadbirkorlik va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash orqali iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy o‘zgarishlarga erishish muhim ahamiyat kasb etadi. Startaplar va texnologiyalar transferini rag‘batlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiyotning yangi sohalarini rivojlantirishda ishtirok etishi kerak.
Bunda aynan ilmiy-tadqiqot universitetlari global muammolarni hal qilishga qaratilgan tadqiqotlarni amalga oshirishi zarur. Insonlar hayoti sifatini yaxshilash, sog‘liqni saqlashni rivojlantirish, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va kambag‘allikka qarshi kurashish kabi yo‘nalishlarda tadqiqotlar olib borilishi lozim. Fanlararo hamkorlikni rag‘batlantirish ustuvor yo‘nalish hisoblanadi.
Diversifikatsiya va inklyuziv muhitni ta’minlash ham bunday muassasalar faoliyatining muhim jihati hisoblanadi. Turli madaniyatlar va nuqtai nazarlarga hurmat bilan yondashish tadqiqotlarda kengroq fikrlar hamda samarali yechimlar yaratadi. Mahalliy, mintaqaviy va global darajada siyosatga ta’sir ko‘rsatib, yetakchilik qilishda ham universitetlar faol ishtirok etishi lozim. Xalqaro hamkorliklarni mustahkamlash orqali ular kengroq resurslarga va tajribalarga kirish imkoniyatiga ega bo‘lib, o‘z ta’sirini yanada oshirishlari mumkin. Bugungi kunda AQSHning Arizona shtati universiteti ham ilmiy-tadqiqot universitetlari uchun akademik mukammallikni jamiyatga ta’sir bilan uyg‘unlashtirishga intilayotgan yetakchi model sifatida e’tirof etilmoqda. Universitetning startaplar va texnologiyalar transferini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dasturlari iqtisodiy o‘sishga turtki bo‘lib, jamiyatda ijobiy o‘zgarishlarni ta’minlamoqda.
O‘zbekistonning oliy ta’lim tizimi oxirgi yillarda sezilarli o‘zgarishlarni boshdan kechirib, yangi universitetlarni tashkil etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga yo‘naltirildi. Mamlakat ta’lim sifatiga e’tibor qaratish orqali jahon ilmiy-tadqiqot muhitini yaratishga bo‘lgan intilishini namoyon qilmoqda. Ushbu jarayonda barqaror moliyalashtirish, sifat nazoratini kuchaytirish va professor-o‘qituvchilar tarkibini rivojlantirish muhim vazifa hisoblanadi. Shuningdek, akademik muhitda inklyuzivlik va xilma-xillikni ta’minlash barqaror muvaffaqiyatga erishishda hal qiluvchi omildir.
Davlatning strategik joylashuvi, o‘sib borayotgan iqtisodiyoti uni ilmiy-tadqiqotlar markaziga aylantirish uchun katta imkoniyat yaratadi. O‘zbekiston innovatsiya va tadqiqotlardagi imkoniyatlarni kengaytirib, xalqaro hamkorlikni rag‘batlantirsa, mintaqaviy darajada muhim o‘sishga erishib, o‘zining ta’lim sohasidagi o‘rni mustahkamlaydi. Ilmiy-tadqiqot universitetlarining barqaror rivojlanishi uchun aniq strategik yondashuv va uzluksiz takomillashish – ko‘zlangan maqsadlardan biridir.
Samarali xalqaro hamkorlik universitetlar tadqiqotlari sifatini oshirib, innovatsion yechimlarning samaradorligini kuchaytiradi. Ilmiy-tadqiqot universitetlari sog‘liqni saqlash, atrof-muhit, iqlim o‘zgarishi va ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan amaliy yechimlar taklif etib, insonlar hayot sharoitlarini yaxshilashga amaliy yondashadi.
Said Irandust,
Toshkentdagi Amerika texnologiya universiteti rektori.
O‘zA