Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev Jahon bankining mamlakatimizdagi vakillarini qabul qildi.
Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorvachilik sohasini rivojlantirish maqsadida Jahon banki grant mablag‘larini jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlash joiz, shu yilning o‘zida Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun 5 million AQSH dollari miqdorida grant mablag‘ ajratilishi belgilab olinib, noyabr-dekabr oylarida ushbu mablag‘lar hisobidan qoramollarning naslini yaxshilash maqsadida embrion ishlab chiqaruvchi laboratoriya asbob-uskunalari olib kelinadi. Jumladan, hayvonlarni identifikatsiya qilish uchun 110 ta planshet, 18 ta kompyuter, 3 million 282 mingdan ziyod birka bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, veterinariya servis xizmatini yaxshilash maqsadida 2 ta maxsus dezinfeksiya avtomobili, besh tonnalik 1 ta, bir tonnalik – 13 ta muzlatkichli kamera hamda 53 ta muzlatkich, 16 ta kompyuter va 16 ta printer bilan ta’minlash belgilanmoqda.
Uchrashuvda chorvachilik sohasini rivojlantirish maqsadida Jahon banki tomonidan 2,8 milliard so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratilganligi, shu bilan birga, 44 milliard so‘mlik kredit ajratilishi rejalashtirilgani aytildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.